Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Namangan viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saidahmad Sultonov firibgarlik va juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda aybli deb topildi. “Zamhokim”ning qilmishlari orasida tadbirkorlardan “Navbahor” futbol klubiga homiylik uchun pul olib, shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborish holatlari ham uchraydi.
Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Saidahmad Sultonovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Hukmda keltirilishicha, Saidahmad Sultonov tender savdolari o‘tkazilmagan va loyiha-smeta hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda viloyat hududidagi bir nechta ichki yo‘llarni qurish ishlarini og‘zaki ko‘rsatmalar bilan “Namangan qurilish dizayn savdo” MChJga topshirgan. Bu orqali MChJ rahbari va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinishiga sababchi bo‘lgan.
Jumladan, jinoiy sheriklar tomonidan 4 ta holatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali qariyb 15,5 mlrd so‘m miqdordagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Saidahmad Sultonov mazkur to‘rtta holatda yo‘l qurilish obektlarini hech qanday tegishli hujjatlarsiz “Namangan qurilish dizayn savdo” MChJga topshirib, o‘z vaqtida moliyalashtirilishiga yordam bergan. U ushbu “xizmati” uchun MChJ rahbaridan 2021 yil dekabr oyida 10 ming dollar, 2022 yil noyabr oyida 20 ming dollar, 2023 yil mart oyida 20 ming dollar pulni ulush sifatida olgan.
Bundan tashqari, Saidahmad Sultonov o‘ziga Namangan viloyati hokimligi balansidagi Captiva mashinasi biriktirilgan bo‘lsa-da, 2020 yil iyul oyidan 2023 yil dekabr oyiga qadar Namangan viloyat qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi balansidagi Hyundai Tucson mashinasidan xizmat va shaxsiy maqsadlarda foydalanib kelgan. Bu davrda u 13 359 litr benzin sarflab, davlat va jamiyat manfaatlariga 128 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.
Saidahmad Sultonovning qilmishlari orasida tadbirkorlardan “Navbahor” futbol klubiga homiylik uchun pul olib, o‘z shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborish holatlari ham uchraydi. Jumladan, u 2023 yil avgust oyida go‘yoki «Navbahor» futbol klubiga homiylik qilish maqsadida «Suv ta’minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» UK Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘iga «Stroy melio montaj» va «Nasos ta’mir» MChJ rahbarlarining har biridan 15 ming dollardan jami 30 ming dollar olib berish yuzasidan topshiriq bergan. So‘ngra ushbu pullarni olib, futbol klubiga bermasdan, shaxsiy ishlariga sarflab yuborgan.
Shuningdek, Saidahmad Sultonov 2018 yil 26 noyabr kunidan 2020 yil 20 oktyabr kuniga qadar Namangan viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab, juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ham aniqlangan.
Saidahmad Sultonov sud hukmi bilan Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi 4-qismining “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 205-moddasi 2-qismining “a” bandida (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan hokimlik tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Saidahmad Sultonov 2020 yilning oktyabr oyida Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi. Unga nisbatan 2023 yilning 15 dekabr kuni qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
20:54 / 18.10.2024
Qozog‘istonda xizmat mashinasida nonga chiqqan hokim o‘rinbosari javobgarlikka tortildi
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024
Namanganda qadimiy yerosti yo‘laklari, isitish tizimi va sopol quvurlar topildi
19:53 / 10.09.2024