Jahon | 13:33 / 22.08.2024
4363
3 daqiqa o‘qiladi

Berlin va Varshava o‘rtasida «Shimoliy oqim» bo‘yicha ziddiyat yuzaga keldi

Polsha rasmiylari gaz quvurlarini portlatganlikda gumon qilinayotgan ukrainalikni hibsga olish uchun Germaniya tomonidan berilgan orderni rasmiy sabablarga ko‘ra rad etdi, deb yozadi WSJ.

Foto: Xinhua

Polsha prokuraturasi Germaniya iltimosiga ko‘ra, «Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlaridagi portlashlarga aloqadorlikda gumon qilingan ukrainalikni hibsga ololmasligini bildirganidan so‘ng, Berlin bunga Polsha hukumati darajasida erishishga qaror qildi. Biroq, bu hech qanday natija keltirmadi, deya 20 avgust kuni The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi

«Ba’zi nemis tergovchilari va siyosatchilarining ta’kidlashicha, Polsha hukumati ataylab tergovni izdan chiqarishga uringan. O‘tgan yili Polsha rasmiylari Polsha portida turgan yaxtaning videokuzatuv tasvirlarini taqdim etishdan bosh tortgan. Polsha ichki xavfsizlik xizmati ABW bu da’volarni rad etdi va bunday yozuvlar yo‘qligini bildirdi», — deyiladi nashrda.

Polsha rasmiysi: Portlatganlar mukofotlanishi kerak 

Berlin iyun oyida Varshavaga portlashlarga aloqadorlikda gumon qilingan ukrainalik dayver Vladimir Juravlevni hibsga olish uchun order yuborgan. Biroq Polsha prokuraturasi ish Ichki xavfsizlik agentligi tomonidan ko‘rib chiqilmaguncha uni hibsga olishdan bosh tortdi. 

2 iyul kuni Germaniya federal kansleri Olaf Shols boshchiligidagi Berlin delegatsiyasi Polsha hukumati bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazish uchun Varshavaga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Germaniya tomoni polshalik hamkasblaridan buyruq ijrosini ta’minlashni so‘radi. Biroq, 6 iyul kuni gumonlanuvchi Polshani tark etib, Ukrainaga yo‘l oldi, dedi WSJ’ga tergovdan xabardor manba. U yerda yana ikki gumonlanuvchi bor - Scuba Family suvosti sho‘ng‘ish maktabi asoschilari Yevgeniy Uspenskiy va uning rafiqasi Svetlana. 

Polsha yuqori martabali amaldorlaridan biri o‘zining nemis hamkasbiga quvur yo‘q qilinishida rol o‘ynagan har qanday potensial gumondorlar «hibsga olinmasdan, medallar bilan taqdirlanishi kerak» degan, deya ta’kidlaydi WSJ.

Mavzuga oid