O‘zbekiston | 00:34 / 22.08.2024
7955
2 daqiqa o‘qiladi

«Tashabbusli budjet» loyihalariga ovoz berish boshlandi

2024 yilgi 2-mavsum uchun ilgari surilgan loyihalarga ovoz berish jarayoni 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi. G‘olib loyihalarni moliyalashtirishga jami 2 trln so‘m ajratiladi.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Tashabbusli budjet»ning 2024 yilgi 2-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlanganini ma’lum qildi.

Ovoz berish jarayonlari 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan usullardan biri orqali, jumladan:

  • «Ochiq budjet» portalining veb-sahifasi;
  • portalning mobil ilovasi (Android va iOS);
  • Telegram’ dagi rasmiy bot yordamida ovoz berishi mumkin.

O‘zbekistonda 13 martdan «Tashabbusli budjet»ga ovoz berish jarayoni boshlanishi belgilangandi. Biroq ovoz berish uchun zarur platforma — OpenBudjet.uz portalida texnik nosozlik kuzatilgani bois 16 martda qaytadan boshlangan edi.

Joriy mavsumda ilgari surilgan loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi belgilangan. Bunda har bir loyiha uchun eng yuqori qiymat 1 milliard 360 million so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil mart oyidan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida ovoz berishda sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida «bir fuqaro – bir ovoz» tizimi joriy etilgan. Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ovoz berish jarayonida fuqarolarni identifikatsiya qilish hamda bir fuqaro tomonidan berilgan bitta ovozni qabul qilish tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid