Jahon | 09:20 / 24.08.2024
5556
3 daqiqa o‘qiladi

Maxachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar yuzasidan dastlabki sud hukmlari chiqarildi

Dog‘istondagi tartibsizliklarning besh ishtirokchisi 6 yil-u 4 oydan 9 yilgacha bo‘lgan muddatga umumiy rejimdagi koloniyaga ozodlikdan mahrum qilindi.

Foto: Ramazan Rashidov/TASS/dpa/picture alliance

2023 yil oktyabr oyida Mahachqal’a xalqaro aeroportida yuz bergan tartibsizliklarning besh nafar ishtirokchisi to‘qqiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etildi. Bu haqda 23 avgust, juma kuni Krasnodar o‘lkasi sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Hukmlarni Armavir shahar sudi chiqargan. Sud Anvarbek Atayev, Islom Ibrohimov, Magomed Omarasxabov, Salik Ramazonov va Rabadan Rajabovni ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlikda aybdor deb topdi. Rajabov, shuningdek, hukumat amaldoriga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatda ham aybdor deb topildi, deb xabar beradi sud matbuot xizmati.

Sudlanuvchilar Mahachqal’a aeroportida «tashkilotchilarning chaqirig‘i bilan milliy va diniy adovat maqsadida olomonning bir qismi sifatida harakat qilib, ommaviy tartibsizliklarda qatnashgan», deyiladi hukmda.

«Noroziliklarning sababi bortida Isroil fuqarolari bo‘lgan samolyotning Tel-Avivdan aeroportga kelishi bo‘lgan, ayblanuvchilar olomon bilan birga Tel-Avivdan kelgan yo‘lovchilarni qidirib, kordonni yorib o‘tib, terminal eshiklarini sindirib, samolyotning to‘xtash joyiga kirib ketishgan», - deya eslatadi matbuot xizmati.

Sud jarayonida ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lmadi, biroq u ish bo‘yicha tekshirilgan dalillarning yig‘indisi bilan aniqlandi, deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

Natijada sud Anvarbek Atayev, Islom Ibrohimov va Salik Ramazonovni olti yil-u to‘rt oy, Magomed Omarasxabovni olti yil-u olti oy muddatga umumiy rejimdagi koloniyaga jo‘natish haqida qaror chiqardi. Sodir etilgan jinoyatlar yig‘indisidan kelib chiqib, Rabadan Rajabov qisman qisman qo‘shib to‘qqiz yil muddatga hukm qilindi. 

Hukmlar qonuniy kuchga kirmadi.

Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar

2023 yil 29 oktyabr kuni kechqurun Tel-Avivdan Red Wings aviakompaniyasining navbatdagi reysi yetib kelguniga qadar bir necha yuz kishi Mahachqal’a xalqaro aeroportiga bostirib kirdi. Ular bir necha soat davomida aeroportni egallab oldi va yahudiylarga qarshi shiorlar bilan har bir xonaga kirib, yahudiylarni qidirdi. Tartibsizliklar qatnashchilari eshiklarni buzib, aeroport hududidan chiqib ketayotgan mashinalarni to‘sib qo‘ygan, o‘zboshimchalik bilan u yerdagi odamlarning pasportlarini tekshirgan va yetib kelgan samolyotga kirishga harakat qilgan.

30 oktyabrga o‘tar kechasi shaharga Rossiya gvardiyasining maxsus kuchlari yetib keldi. Tartibsizliklardan keyin 60 kishi qo‘lga olingan. Voqea natijasida, Dog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 kishi, jumladan, to‘qqiz nafar politsiyachi jarohatlangan. 

Dog‘iston hukumati, Rossiyadagi musulmonlar va yahudiylar konfessiyalari vakillari, shuningdek, qator davlatlar Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklarni qoraladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin voqeada g‘arb maxsus idoralarini aybladi.

Mavzuga oid