Jahon | 09:15 / 27.08.2024
5056
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Ukrainaga zarbasi natijasida Kiyev GESga zarar yetdi

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, GES mashina zali va to‘g‘onning yo‘l qismi shikastlangan. Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi to‘g‘on buzilishi xavfi yo‘qligini ta’kidladi. Zelenskiy Ukraina Rossiyaga qarshi F-16'dan foydalanishga tayyorlanayotganini aytdi.

Foto: Videodan kadr

Ukraina energetika infratuzilmasiga Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi natijasida Kiyev GESga zarar yetdi. Ukraina OAV 26 avgust, dushanba kuni videotasvirlarga tayanib, zarba stansiyaning mashina zaliga yo‘naltirilganini ta’kidladi. Bundan tashqari, to‘g‘onning yo‘l qismi buzilib, transport harakati to‘silgan, deya ta’kidlaydi mahalliy matbuot.

MXMK: Kiyev GESda to‘g‘on buzilishi xavfi yo‘q

Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ruslan Kravchenko mintaqadagi ikkita energetika obektiga zarar yetganini ma’lum qildi, biroq ular qaysilar ekaniga aniqlik kiritmadi. Ayni paytda, Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko Kiyev GESda to‘g‘onning buzilishi xavfi yo‘qligiga ishonch bildirmoqda. «Uni raketalar bilan yo‘q qilishning iloji yo‘q», deb ta’kidladi u va 2023 yilda Kaxovka GES vayron bo‘lgani bilan taqqoslamaslikka chaqirdi.

Forbes Ukraine nashri Ukraina davlat energetika kompaniyasi top-menejeriga tayanib, Rossiyaning raketa va dronlardan foydalangan holda amalga oshirgan hujumi nishoni Kiyev GES bo‘lganini xabar qildi. Ruslar uni 26 avgust kuni ertalab yo‘q qilishga urindi, natijada vayronalar bor, biroq to‘g‘onning buzilishi yoki stansiyaga jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yo‘q, deya qo‘shimcha qildi nashr suhbatdoshi.

Kiyev gidroelektr stansiyasining operatori bo‘lgan «Ukrgidroenergo» kompaniyasi yetkazilgan zarar haqida hozircha ma’lumot bermagan.

Zelenskiy: Ukraina Rossiyaga qarshi F-16'dan foydalanishga tayyorlanmoqda

Ukraina G‘arb tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchi samolyotlarini Rossiyaga qarshi ishlatishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 26 avgust, dushanba kuni kechki videomurojaatida ma’lum qildi.

«Bugun men kunni [Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr] Sirskiy bilan alohida uzoq suhbatdan boshladim: biz bu raketa hujumi uchun Rossiyaga javob berishga tayyorlanyapmiz. F-16’dan foydalanish va Kursk viloyatidagi operatsiya uchun so‘nggi 24 soat ichida nazorat zonasini kengaytirdik va almashish fondini to‘ldirdik».

Ukrainaga keng ko‘lamli hujum

26 avgust kuni tunda va ertalab Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga 236 ta raketa va hujumkor dronlarni uchirdi, ulardan 102 ta raketa va 99 ta UUA urib tushirildi - bu raqamlarni Ukraina Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk o‘zining Telegram-kanalida keltirdi. Hujumning asosiy maqsadi mamlakat energetika infratuzilmasi edi. Natijada, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar va o‘nlab yaradorlar bor.

Mavzuga oid