O‘zbekiston | 12:29 / 27.08.2024
8312
2 daqiqa o‘qiladi

Insofsiz raqobatda ayblangan sement zavodi 4,9 mlrd so‘m jarimaga tortildi

«Shangfeng-Bridge of Friendship» qo‘shma korxonasi o‘zi ishlab chiqargan sement mahsulotini birjadan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri realizatsiya qilgani, boshqa ishlab chiqaruvchilarga nisbatan insofsiz raqobat (demping harakatlari) sodir etgani uchun 4,9 mlrd so‘m jarimaga tortildi.

Foto: stat.uz

Tsement ishlab chiqaruvchi «Shangfeng-Bridge of Friendship» MChJ boshqa ishlab chiqaruvchilarga nisbatan insofsiz raqobat sodir etgan deb topildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar qilmoqda.

Ishni ko‘rib chiqish natijasida quyidagilar aniqlangan:

  • 2024 yilning mart-iyul oylarida birja savdolari orqali sotilishi kerak bo‘lgan jami 122,7 ming tonna sement mahsuloti belgilangan talablarga zid ravishda korxona tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilingan;
  • jami 2,7 ming tonna sement mahsuloti o‘rtacha hisoblangan birja kotirovkasidan yuqori narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri realizatsiya qilingani natijasida 81,1 mln so‘m asossiz ravishda daromad olingan va boshqa sement ishlab chiqaruvchilarga nisbatan insofsiz raqobatni (demping harakatlari) sodir etgan.

Shu sababli Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan «Shangfeng-Bridge of Friendship» MChJ 4,9 mlrd so‘m miqdorda moliyaviy jarimaga tortilgan. 

MChJ tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi (sement) mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga asosan realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini hisoblash bo‘yicha to‘plangan hujjatlar soliq organiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Raqobat qo‘mitasi bu zavod ustidan tekshiruvni boshqa zavodlarning shikoyatidan keyin boshlagan edi. Raqobatchilar bu korxonani tannarxdan past narxlarda sement sotayotganlikda ayblagan edi.

Mavzuga oid