Jahon | 01:08 / 28.08.2024
6750
2 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg NATO-Ukraina kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdi

Ukraina mudofaa vaziri yig‘ilishda onlayn ishtirok etib, mamlakatning frontdagi ahvoli hamda muhim harbiy ehtiyojlari to‘g‘risida ma’lumot beradi.

Foto: Reuters

Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Yyens Stoltenberg Kiyev iltimosiga ko‘ra NATO-Ukraina kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdi.

Yig‘ilish 28 avgust kuni bo‘lib o‘tadi va u Ukrainaning frontdagi ahvoli hamda muhim harbiy ehtiyojlariga bag‘ishlanadi.

Qayd etilishicha, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov videoaloqa orqali ittifoqchilarini jang maydonidagi vaziyatdan boxabar qilib, qurollanishning ustuvor ehtiyojlari haqida ma’lumot beradi. Maslahatlashuv elchilar darajasida bo‘lib o‘tadi. NATOga a’zo davlatlar yig‘ilishini o‘tkazishga oxirgi vaqtlarda Rossiya armiyasining Ukraina fuqarolik infratuzilmasi va tinch aholisiga qarshi amalga oshirayotgan keng ko‘lamli hujumlari sabab bo‘lmoqda.

NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishida g‘arb tomonidan yetkazib berilgan qurollardan Rossiya hududiga zarbalar berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish masalasi muhokama qilinadi. 

NATO-Ukraina kengashining davlat va hukumat rahbarlari darajasidagi birinchi yig‘ilishi 2023 yilda Litvada chaqirilgan edi. Inqirozli vaziyatlarda maslahatlashuvlarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan ushbu organ Ukraina NATOga qabul qilingunga qadar faoliyat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi fonida Finlandiya 2023 yilda NATOga qo‘shildi va shu bilan 75 yillik betaraflik davrini tugatdi. Natijada alyansning Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki barobarga ortib, 2600 kilometrga yetdi.

Mavzuga oid