Jahon | 18:15 / 30.08.2024
3422
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Polsha ehtimoliy diversantning qochishiga yordam bergan

Jurnalistlarga ko‘ra, Polsha rasmiylari Berlinning «Shimoliy oqim» gaz quvurlarini portlatishda gumon qilingan ukrainalikni hibsga olish haqidagi iltimosiga javob bermagan.

Foto: Swedish Coast Guard/AP/dpa/picture alliance

2024 yilning may oyida Germaniya federal sudining «Shimoliy oqim-1» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarini portlatishda gumon qilinayotgan diversantni hibsga olish uchun order berishidan bir necha kun oldin, Ukraina fuqarosi Vladimir J. G‘arbiy Yevropa bo‘ylab bemalol sayohat qilgan va hatto Berlinda to‘xtab o‘tgan. Bu haqda Der Spiegel nashri, ZDF telekanali va Daniyaning DR telekorporatsiyasining 29 avgust, payshanba kuni chop etilgan qo‘shma maqolasida aytiladi.

Jurnalistik surishtiruvda qayd etilganidek, agar order sal oldinroq chiqarilganida, gumonlanuvchi Germaniya hududida hibsga olinishi mumkin edi, biroq u nafaqat mamlakatni tark etishga, balki nemis adliya tizimidan butunlay yashirinishga ham ulgurdi. Polsha bu borada Vladimir J.ga yordam bergan bo‘lishi mumkin.

Vladimir J. iyun oyi boshida Yevropa qidiruviga berilgan va 21-kuni order Polshaga yuborilgan. Polsha prokuraturasi gumonlanuvchini hibsga olishga va’da berdi, deb yozadi nashr xavfsizlik tizimidagi manbalarga tayanib. Biroq, u buni qilmadi. Polsha rasmiylari qidiruvdagi shaxsni hibsga olish bo‘yicha qonuniy burchlarini bajarmagan. 6 iyul kuni gumonlanuvchi Polsha hududini tark etib, Ukrainaga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Surishtiruvchilar yozganidek, Berlin Vladimir J. Varshava tomonidan oldindan ogohlantirilgan deb bilyapti, polshaliklar esa uni «qahramon» sifatida ko‘rgan. Nashrda ta’kidlanishicha, Germaniya rasmiylari Varshavadan norozi. Polyaklarga bunday harakati kechirilmaydi, deydi Germaniya xavfsizlik manbalari.

Vladimir J. Polsha-Ukraina chegarasini Ukrainaning Varshavadagi elchixonasi ishlatgan diplomatik raqamlari bo‘lgan mashinada kesib o‘tgan, deyiladi nashrda. Vladimir J. o‘zi jurnalistlarning «Shimoliy oqim»dagi diversiyalarga aloqadorligi haqidagi so‘rovlariga javob bermadi. Gaz quvurlarida portlashlar 2022 yil sentabr oyida sodir bo‘lgan. Nemis tergovchilari gaz quvuridagi portlashlarda uch ukrainalik dayving yo‘riqchilari ishtirok etgan deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid