Jahon | 13:07 / 31.08.2024
9614
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya hayvonot bog‘ida dunyodagi eng keksa yalqov vafot etdi

Bir necha oy avval u 54 yoshni qarshilagandi.

Foto: AP

Germaniyaning Krefeld hayvonot bog‘ida dunyodagi eng keksa yalqov Yan vafot etdi. U 54 yoshda edi. Bu haqda hayvonot bog‘i saytida xabar berildi.

Bog‘ xodimlarining aksariyati uchun Yan bilan vidolashish og‘ir kechdi, chunki ular jonivorga 25 yildan ortiq g‘amxo‘rlik qilishgan. Yalqov 2021 yilda dunyo miqyosida shuhrat qozongandi — o‘shanda u o‘z turining dunyodagi eng keksa vakili sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Yan Janubiy Amerikada yovvoyi tabiat qo‘ynida tug‘ilgan. 1970 yilda uni topib olishganida taxminan olti oylik edi. Tez orada u hayvonot bog‘iga joylashtirildi. Boshqa yalqovlar singari, Yan ko‘p vaqtini daraxtlar ustida o‘tkazdi — tabiatan ularga ovqat hazm qilish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi, bu bir necha kundan bir necha haftagacha davom etadi.

2024 yil may oyida Yan o‘zining 54 yoshini nishonladi. Keksa ekaniga qaramay, yalqovning 22 nafar bolasi bor edi.

Yanga qadar dunyodagi eng keksa yalqov Germaniyaning Halle Zoe hayvonot bog‘idagi ikki barmoqli Paula edi. Paula 51 yil umr ko‘rdi. Butunjahon yovvoyi tabiat fondi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki barmoqli yalqovlar odatda 20 yil yashaydi. Parvarish ostida saqlangan jonivorlar esa ko‘proq umr ko‘rishi mumkin: maksimal 40 yilgacha.

Avvalroq Hongkongda Ying Ying laqabli keksa gigant panda ilk bor ona bo‘lgandi. U egizaklarni dunyoga keltirdi.

 

 

Mavzuga oid