Jahon | 08:00 / 03.09.2024
6764
5 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Eron Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib berishga tayyorlanmoqda

Yevropa rasmiylarining aytishicha, Tehron Moskvani ballistik raketalar bilan ta’minlasa, G‘arb sanksiyalar bilan javob beradi. Ularni yetkazib berish masalasi yaqin kunlarda hal etilishi kutilmoqda.

Foto: TASS/dpa/picture alliance

Eron tez orada Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib berishi mumkin, deb xabar berdi Bloomberg 2 sentabr, dushanba kuni Yevropa rasmiylariga tayanib. Ular ehtimoliy yetkazib berish turlari va ko‘lamini ko‘rsatmadi va vaqtni aniqlashtirmadi, ammo agentlik suhbatdoshlaridan biri masala yaqin kunlarda hal etilishiga ishonch bildirdi.

AQSh va boshqa NATO ittifoqchilari Tehronni bunday harakatdan tiyilish to‘g‘risida bir necha bor ogohlantirgan va buning oldini olish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Oq uy milliy xavfsizlik kengashi, Eron tashqi ishlar vazirligi va uning BMTdagi missiyasi Bloomberg’ning izoh berish so‘rovlariga javob qaytarmadi. 

Agentlik qayd etishicha, Moskva Shimoliy Koreyadan qurol-yarog‘ yetkazib berishga ham tayanadi, Xitoy texnologiyasi va asosiy komponentlari hisobiga ishlab chiqarish quvvatini saqlab qoladi. Tehron, shuningdek, ikki yarim yillik urush davomida Rossiyaga yuzlab uchuvchisiz uchoqlar yetkazib bergan. 

Tehronga qarshi ehtimoliy sanksiyalar

Ballistik raketalarni Rossiyaga topshirish Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar bilan kutib olinsa ham, Tehronga qarshi joriy etilgan bir qator chora-tadbirlarda bo‘lgani kabi (Moskvaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berish bilan bog‘liq holatda) ularning samaradorligini savol ostida qoldiradi, deb yozadi Bloomberg. Ittifoqchilar muhokama qilgan choralar qatorida Eronning Iran Air davlat aviakompaniyasiga cheklovlar ham bor. 

Raketalar yetkazib berilgan taqdirda, «Yettilik guruhi» (G7) o‘z xavotirlarini diplomatik kanallar orqali Yaqin Sharq hukumatlariga zudlik bilan yetkazishi kutilmoqda, dedi Yevropa rasmiylari.

G7 avvalroq Eron va Shimoliy Koreyaga Moskvaga qurol yetkazib bergani uchun sanksiyalar kiritgan edi. «Yettilik guruhi» shuningdek, Xitoy va Rossiya Federatsiyasiga qurol yoki ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan qismlar va texnologiyalar bilan ta’minlovchi boshqa mamlakatlardagi yetkazib beruvchilarga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirishga intilmoqda. So‘nggi cheklovlar bunday operatsiyalarni amalga oshirishga yordam beradigan kompaniyalar va jismoniy shaxslarga qaratilgan, deb eslatadi Bloomberg.

Reuters: Tehron Rossiyaga yuzlab Fath-360 ballistik raketalari yetkazib berishni rejalashtirmoqda 

Reuters agentligi Yevropa razvedka xizmatlaridagi ikki manbaga tayanib, 9 avgust kuni Tehron Rossiyaga yuzlab Fath-360 ballistik raketalarini yetkazib berishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, o‘nlab rossiyalik harbiy xizmatchilar Eronda ulardan foydalanish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tmoqda. «Moskvaning o‘ziga xos ballistik raketalari bor, biroq Fath-360 yetkazib berish Rossiyaga o‘z arsenalining katta qismini front chizig‘idan uzoqdagi nishonlarga zarba berish uchun ishlatish imkonini berishi mumkin», — deyiladi xabarda. 

Maxfiy razvedka manbalariga tayanib, agentlik suhbatdoshlari rossiyalik xodimlar Eronga maksimal 120 km masofaga uchadigan raketa va 150 kg og‘irlikdagi jangovar kallakdan o‘t ochadigan Fath-360 mudofaa tizimini boshqarishni o‘rganish uchun tashrif buyurganini qayd etdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiylari 2023 yil 13 dekabr kuni Tehronda Eron rasmiylari bilan Fath-360 qisqa masofali taktik ballistik raketasi va Eronning Ababil nomli davlat aerokosmik sanoati tashkiloti tomonidan yaratilgan yana bir ballistik raketa tizimi bo‘yicha shartnoma imzoladi, deya ikki razvedka xodimi anonimlik sharti bilan Reuters’ga xabar berdi. 

AQSh milliy xavfsizlik kengashi vakilining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar, uning NATOdagi ittifoqchilari va G7 bo‘yicha hamkorlari bu harakatlarga «tezkor va kuchli javob berishga tayyor».

AQSh: Yetkazib berish keskinlashuvni anglatadi

Bu qadam «Eronning Ukrainaga qarshi Rossiya urushini qo‘llab-quvvatlashi keskin kuchayishini anglatadi», dedi Amerika ma’muriyati vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Oq uy Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Rossiya va Eron o‘rtasidagi hamkorlik chuqurlashishi haqida bir necha bor ogohlantirgan».

Shu paytgacha Eronning Moskvaga harbiy yordami asosan portlovchi moddalarni olib yuruvchi va ballistik raketalarga qaraganda sekinroq bo‘lgani uchun urib tushirish osonroq bo‘lgan Shahed hujumkor dronlari bilan cheklanib kelgan.

Rossiya qurolli kuchlari Kiyevga qarshi Shimoliy Koreyaning KN-23 raketalarini, xususan, Ukraina bilan chegaradosh Bryansk, Kursk va Voronej viloyatlaridan uchirmoqda, deb xabar bermoqda Bloomberg. 

Mavzuga oid