O‘zbekiston | 09:21 / 03.09.2024
4783
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yolg‘iz keksalar soni ma’lum qilindi

2024 yil avgust oyi holatiga ko‘ra, 17 288 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs ijtimoiy-maishiy xizmatlardan foydalanib kelmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi O‘zbekistondagi yolg‘iz keksalar sonini ma’lum qildi

2023 yil 1 sentabr Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimining “Yolg‘iz keksa” moduli ishga tushirilib, unda 2023 yil 1 oktyabr holatiga jami 18 928 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lgan. 

2023 yil 1 oktyabr-2024 yil 31 iyul holatiga reyestrga 4647 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs kiritilgan va 6287 nafari reyestrdan chiqarilgan. 2024 yil avgust oyi holatiga ko‘ra, 17 288 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs ijtimoiy-maishiy xizmatlardan foydalanib kelmoqda.

Bunda ularning 7939 nafari yolg‘iz yashovchi keksalar, 2306 nafari yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar, 4703 nafari yolg‘iz keksalar va 2340 nafari yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslar.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari, ijtimoiy xodim, tuman tibbiyot birlashmasining maxsus monitoring guruhi vakili hamda fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan ijtimoiy xizmatlar sifati hamda individual ijtimoiy xizmatlar rejasi natijalari monitoringi olib borilmoqda. 

Xususan, monitoring davomida ko‘rsatilgan xizmatlar natijasida shaxslarning o‘zganing yordamiga muhtojlik darajasi kamayganligi va holati yaxshilanishi kuzatilgan.

Tushunchalarning huquqiy ta’rifi:

o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslar — farzandlari (shu jumladan, farzandlikka olinganlar), eri (xotini), ota-onasi, homiylari va sud tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxsni parvarish qilish majburiyati yuklangan shaxslar (voyaga yetmagan yoki I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan yoki yoshga doir pensiya yoshidagi eri (xotini) va ota-onasi bundan mustasno) bo‘lmagan o‘zgalar parvarishiga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar — yolg‘iz yashovchi yoki jazoni ijro etish muassasalarida yoxud uzoq muddat davolanishda bo‘lgan shaxslar bilan birga yashovchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar — farzandlari (shu jumladan farzandlikka olinganlar), eri (xotini), ota-onasi, homiylari va sud tomonidan keksani parvarish qilish majburiyati yuklatilgan shaxslar (voyaga yetmagan yoki I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlari, o‘zgalar parvarishiga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan yoki yoshga doir pensiya yoshidagi eri (xotini) va ota-onasi bundan mustasno) bo‘lmagan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yoshga doir pensiya yoshidagi shaxslar;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksalar — yolg‘iz yashovchi yoki jazoni ijro etish muassasalarida yoxud uzoq muddat davolanishda bo‘lgan shaxslar bilan birga yashovchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yoshga doir pensiya yoshidagi shaxslar.

Mavzuga oid