Jahon | 15:36 / 04.09.2024
3141
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Poltavaga raketa zarbasi: qurbonlar soni 53 kishiga yetdi

Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Poltavaga raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 53 kishiga, jabrlanganlar soni 298 kishiga yetgan. Shaharda uch kunlik motam e’lon qilindi.

Foto: Patryk Jaraccz/AFP

Rossiya qurolli kuchlari tomonidan 3 sentabr kuni Ukrainaning Poltava shahriga uyushtirilgan raketa zarbasi qurbonlari soni 53 kishiga, jarohatlanganlar soni esa 298 kishiga yetdi. Bu haqda Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, vayronalarni tozalash davom etmoqda. Favqulodda xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, ular ostida yana besh nafargacha odam bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning Poltavaga zarbasi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita ballistik raketa bilan berilgan zarba ta’lim muassasasi va qo‘shni shifoxona hududiga tushganini ta’kidladi. «Aloqa instituti binolaridan biri qisman vayron bo‘ldi, ko‘pchilik vayronalar ostida qolib ketdi», — deb yozgan Zelenskiy.

«Men voqeaning barcha holatlarini to‘liq va tezkor tergov qilishni buyurdim, - dedi Ukraina prezidenti. - Zarbadan keyin birinchi daqiqalardan boshlab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam bergan har bir kishidan minnatdorman».

Voqea joyidan olingan kadrlarga ko‘ra, Zelenskiy yozgan o‘quv muassasasi Telekommunikatsiya va axborotlashtirish harbiy institutidir (sobiq Poltava oliy harbiy qo‘mondonlik aloqa maktabi).

Ukraina Mudofaa vazirligining xabar berishicha, trevoga va raketalar yetib borishi orasidagi vaqt shunchalik qisqa bo‘lganki, odamlar bombalardan himoyalanish boshpanasiga yetib borishga ulgurmagan.

Yevroittifoq Rossiyaning Poltavaga hujumini qoraladi

Yevropa Ittifoqi 3 sentabr kuni Rossiyaning Poltavaga raketa hujumi uyushtirgani va 50 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lganini qoraladi. «Bu yana bir qon to‘kilishi Rossiyaning Ukraina va uning xalqiga qarshi shafqatsiz urushini davom ettirish, katta qurbonlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lishga intilish qat’iyatini isbotlaydi», dedi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati vakili Peter Stano. «Biz qurbonlar oilalarining qayg‘usiga sherikmiz va Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiya ikki yarim yildan beri qo‘shni davlatga qarshi urush olib bormoqda, Ukraina bo‘ylab raketa va uchuvchisiz uchoqlar yordamida hujumlar uyushtirmoqda va «qo‘rqoqlik bilan asosan tinch aholini nishonga olmoqda», deya ma’lum qildi Bryussel. Bu holat faqatgina Ukrainaning BMT Nizomidagi o‘zini himoya qilish bo‘yicha qonuniy huquqiga muvofiq, Rossiya hududidan amalga oshirilayotgan bunday hujumlarni samarali qaytarish va «tajovuzkorni orqaga surib tashlash» imkoniyatiga ega bo‘lishi zarurligini ko‘rsatadi, deb ta’kidladi Stano.

Mavzuga oid