Jahon | 11:34 / 04.09.2024
3633
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Poltavaga zarbasi qurbonlari soni 50 dan oshdi

Poltavadagi harbiy ta’lim muassasasiga ikkita ballistik raketa bilan zarba berilgan. 53 kishi halok bo‘lgan, 298 kishi jarohatlangan. Vayronalar ostida odamlar qolib ketgan.

Foto: AP

3 sentabr, seshanba kuni Rossiyaning Poltavaga raketa hujumi natijasida Ukraina rasmiylariga ko‘ra, 50 dan ortiq odam halok bo‘lgan. 4 sentabr tongiga kelib 53 kishi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi mamlakat bosh prokuraturasi. Bundan tashqari, 298 kishi jarohatlangan, dedi Poltava viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Filipp Pronin

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita ballistik raketa bilan berilgan zarba ta’lim muassasasi va qo‘shni shifoxona hududiga tushganini ta’kidladi. «Aloqa instituti binolaridan biri qisman vayron bo‘ldi, ko‘pchilik vayronalar ostida qolib ketdi», — deb yozgan Zelenskiy.

«Men voqeaning barcha holatlarini to‘liq va tezkor tergov qilishni buyurdim, - dedi Ukraina prezidenti. - Zarbadan keyin birinchi daqiqalardan boshlab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam bergan har bir kishidan minnatdorman».

Voqea joyidan olingan kadrlarga ko‘ra, Zelenskiy yozgan o‘quv muassasasi Telekommunikatsiya va axborotlashtirish harbiy institutidir (sobiq Poltava oliy harbiy qo‘mondonlik aloqa maktabi).

Ukraina Mudofaa vazirligining xabar berishicha, trevoga va raketalar yetib borishi orasidagi vaqt shunchalik qisqa bo‘lganki, odamlar bombalardan himoyalanish boshpanasiga yetib borishga ulgurmagan.

Qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda

Ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar zarbadan keyin sodir bo‘lgan yong‘inni o‘rab olishgan, ular 25 kishini, ulardan 11 nafarini vayronalar ostidan olib chiqib, qutqarishga muvaffaq bo‘lishgan, vayronalarni tekshirish ishlari davom etmoqda. Yana besh kishi xarobalar ostida qolayotgan bo‘lishi mumkin.

«Zarba to‘lqini oqibatida ko‘p qavatli uylarning oynalari singan, jabrlanganlar bor-yo‘qligini aniqlash uchun uyma-uy yurilyapti. Mulkka zarar yetkazilgani haqida yuzga yaqin xabarlar allaqachon qayd etilgan», — deb yozdi Klimenko.

Fojia qurbonlari xotirasiga shahar hokimiyati 4 sentabrdan boshlab uch kunlik motam e’lon qildi.

Mavzuga oid