AQShda yana otishma: avtomat ko‘targan o‘smir maktabga hujum qildi
AQShning Jorjiya shtatidagi maktabda otishma yuz berdi. Buni hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan o‘smir sodir etgan. Fojia oqibatida 30 dan ortiq inson yaralangan, 4 kishi vafot etgan. Demokrat prezident Bayden yana aholining o‘qotar qurollarga egalik qilishini cheklashga chaqirdi, uning avvalroq bu boradagi urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchragandi – qurolga egalikni ko‘plab amerikaliklar fundamental huquq deb hisoblaydi.
4 sentabr, chorshanba kuni ertalab Jorjiya shtatining Barrou okrugi Uinder shahridagi Apalachi o‘rta maktabida soat taxminan 09:30 larda otishma bo‘lgan. Okrug rasmiylarining matbuotga ma’lum qilishicha, o‘smir 14 yoshda, u aynan shu maktabda o‘qish-o‘qimasligi noma’lum. U tiriklayin hibsga olingan, tergov ishlari davom etmoqda.
Qurbonlar soni yana ortishi mumkin, chunki 9 nafar jarohat olganlar shifoxonada og‘ir ahvolda. Maktab yaqiniga kamida 5 ta tez yordam mashinalari hamda politsiya xodimlari, og‘ir jarohat olganlarni tezroq shifoxonaga yetkazish uchun bitta tibbiy vertolyot ham chaqirilgan. Maktab xodimlari, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar evakuatsiya qilingan. Ehtiyotkorlik maqsadida tumandagi barcha maktablarga qo‘shimcha politsiya kuchlari jo‘natilgan.
Voqeadan shaxsan prezident Bayden xabardor qilingan. Prezident otishmani qoralab, qurol ko‘tarib yurish va o‘qotar qurollarga egalik qilish masalasini qayta ko‘rib chiqish, bu borada jiddiy qonun qabul qilish kerakligini aytdi. U respublikachilarni bu yo‘lda birlashishga ham chaqiryapti.
AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil hisobi bilan Uinder aholisi taxminan 19 ming kishiga boradi. Barrou okrugi maktab tizimi shtatdagi 24-o‘rinda, taxminan 16 mingga yaqin o‘quvchilar ta’lim oladi. Ulardan 1 932 nafari Apalachi maktabida o‘qiydi.
Bir oy oldin, 7 iyul kuni AQShning Detroyt shahrida ham otishma yuz berib, 2 kishi halok bo‘lgan, 19 kishi yaralangan edi. Otishmani sodir etganlar esa yashirinishga uringan. O‘shanda voqea ko‘ngilochar tadbir paytida, bir necha fuqarolar o‘rtasida yuz bergan. Vaziyat jiddiylashgach, hududga politsiya yetib kelgan. Biroq unga qadar 2 kishi halok bo‘lgan edi.
Huquqni muhozafa qilish organlari hamda mustaqil tadqiqotchilar yoz oylarini Amerikada qurolli zo‘ravonliklar avj olgan davr sifatida qayd etishgan. Har yili statistika ham aynan iyul oyining boshini ommaviy qotilliklar avj olgan palla deya ko‘rsatadi.
Bundan 3 yil avval, aynan Jorjiya shtatidagi otishmadan so‘ng prezident Bayden mamlakatda o‘qotar qurollar aylanishini cheklash kerak bo‘lgan yangi choralarni e’lon qilgandi. Bu esa 1934 yildan beri qurol-yarog‘ga egalik qilish erkinligiga qarshi 10-urinish bo‘lgan. Ammo Baydenning rejasi ham ish bermadi.
AQShdagi qurolli zo‘ravonlik arxiviga ko‘ra, otishma sodir etish holatlari pandemiya va undan keyin ko‘paygan. Masalan, 2021 yildan beri 150 dan ortiq ommaviy otishmalar sodir bo‘lgan. Ularning har birida esa o‘rtacha 4 kishi halok bo‘lgan.
Agarda AQShdagi vaziyatni dunyoning boshqa rivojlangan davlatlari bilan solishtirsak, aholi jon boshiga quroldan o‘ldirish 25 baravarga ko‘p.
2018 yil hisob-kitobiga ko‘ra, aholining qo‘lida qariyb 400 million dona o‘qotar xavfli qurollar bor. Ammo amerikaliklarning uylarida bugun nechta qurol borligini hech kim aniq bilmaydi. Pandemiyadan keyingi 1 yilning o‘zida amerikaliklar 5 million dona to‘pponcha xarid qilgan.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
16:25 / 09.11.2024