O‘zbekiston | 18:11 / 05.09.2024
42327
13 daqiqa o‘qiladi

Boysun sinovi: O‘zbekiston yirik texnogen ofatlarga qanchalik tayyor?

Boysundagi konda sodir bo‘lgan texnogen ofat tegishli tuzilmalarni jiddiy sinov qarshisida qoldirdi: zaharli gaz atrofdagi qishloqlarga tarqalib, Boysun shahriga ham yetib borgan. Bu holat mas’ullar uchun “bosh og‘rig‘i”ga aylanib ulgurdi. Rasmiy axborotlarning o‘ta kamligi (deyarli yo‘qligi) esa xavotirlarni oshirmoqda.

Foto: Videodan kadr

Odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘iga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan sanoat va transportdagi avariyalar, yong‘inlar va portlashlar, kuchli ta’sir etuvchi zaharli, kimyoviy, radioaktiv va xavfli biologik moddalarning tarqalishi – texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardir.

O‘zbekistonda har yili bir necha yuz odam tabiiy va texnogen ofatlar tufayli halok bo‘ladi. Masalan, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda sodir bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar 131 tani tashkil etgan. Oqibatda 287 kishi halok bo‘lgan, 297 kishi jabrlangan.

Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yong‘inlar va portlashlar tashkil qiladi. Keyingi yillarda sodir bo‘lgan yirik texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar sifatida Sardoba suv omborining o‘pirilishi, Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasi, Denovdagi savdo majmuasi va Sergelidagi omborda kuzatilgan portlashlarni aytish mumkin.

Biroq 2024 yil 1 sentabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida sodir bo‘lgan texnogen ofat kimyoviy jihati tufayli farqli va jiddiydir. Ayniqsa, hodisa joyi – “Mustaqillikning 25 yilligi” koni aholi punktlariga ancha yaqin ekani mamlakatning bunday ofatga nisbatan tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazadi.

Shu sababli, holat sodir bo‘lgan kundayoq O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga asosan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib bordi. U yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, tezkor shtab tashkil qilingan.

Vodorod sulfid nega xavfli?

“Mustaqillikning 25 yilligi” konida texnologik jarayon buzilishi sababli havoga oltingugurt, ya’ni vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatilgan. Shu sababli, kon yaqinidagi fuqarolar evakuatsiya qilingan.

Vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu, ko‘pincha, toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyati yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.

Tarkibida vodorod sulfid miqdori yuqori bo‘lgan neft, gaz va gaz kondensati konlarini qidirish va qazib olishda ishlarni xavfsiz olib borish bo‘yicha yo‘riqnomaga muvofiq, har bir obekt uchun vodorod sulfid ajralib chiqishi bilan bog‘liq ehtimoliy avariyalarni bartaraf etish rejasi tuziladi. Rejada odamlar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni joylashtirish sxemalari, kirish yo‘llari va odamlarni evakuatsiya qilish yo‘llari, vodorod sulfid to‘planadigan va tarqaladigan xavfli zonalar, shaxsiy himoya vositalari va nafas olish organlarini himoya qilish vositalari saqlanadigan joylar, avariya to‘g‘risida darhol xabardor qilinishi lozim bo‘lgan mansabdor shaxslar va muassasalar ro‘yxati bo‘lishi kerak.

Vodorod sulfidning ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyasi ishchi zona havosida 10 mg/m³, aholi punktlari havosida esa 0,008 mg/m³ qilib belgilangan.

Havoda vodorod sulfidning konsentratsiyasi oshib ketishi inson salomatligida yuqoridagi kabi oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Kim qanday harakat qilishi kerak?

“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunda, texnogen ofatlar sodir bo‘lganida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berilgan.

Qonunda keltirilishicha, prognoz qilingan yoki ro‘y bergan favqulodda vaziyatning ko‘lami va holatiga qarab muayyan hududda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimining quyidagi rejimlari o‘rnatiladi:

  • kundalik rejim — muayyan hududda, obektda favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi mavjud bo‘lmaganda;
  • yuqori tayyorgarlik rejimi — favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi mavjud bo‘lganda;
  • favqulodda vaziyat rejimi — favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda va favqulodda vaziyatlar davrida.

Demak, texnogen ofatdan keyin Boysunni favqulodda vaziyat rejimida deyish mumkin.

Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tomonidan favqulodda vaziyat rejimida amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar quyidagilardan iborat:

  • favqulodda vaziyatlar ro‘y berganligi haqida davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va tashkilotlarga xabar berish, shuningdek aholini xabardor qilish;
  • favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir rejalarni amalga kiritish;
  • aholining, moddiy va madaniy qimmatliklarning xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinishini tashkil etish;
  • favqulodda vaziyat zonasining chegaralarini belgilash, o‘rab olish (to‘sib qo‘yish), unga kirish-chiqish rejimini va unda harakatlanish rejimini belgilash;
  • favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun kuchlarni jalb etish, mazkur tuzilmalar tomonidan favqulodda vaziyatlarning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslikka va ularning birlamchi sabablarini bartaraf etishga doir ishlarni, qutqaruv ishlarini hamda kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirish;
  • iqtisodiyot obektlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini, shuningdek jabrlangan aholining hayot faoliyati sharoitlarini ta’minlash ishlarini tashkil etish;
  • favqulodda vaziyatlar zonalarida atrof tabiiy muhitning holati, avariya obektlaridagi va ularga tutash hududlardagi vaziyat yuzasidan monitoring olib borish;
  • evakuatsiya qilingan aholini vaqtinchalik joylashtirish va uning hayot faoliyatini ta’minlash, tibbiy yordam ko‘rsatilishini tashkil etish hamda aholining vaqtincha bandligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • favqulodda vaziyatlar zonalarida epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyena tadbirlarini bajarish;
  • infratuzilma obektlarini tiklash, ijtimoiy ahamiyatga molik obektlarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • jabrlangan aholiga moddiy yordam ko‘rsatish, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish.

Vazirliklarga vazifalar berilgan

Qonun bilan har bir vazirlik yoki tegishli qo‘mitaning favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir asosiy vazifalari belgilab berilgan.

Masalan, Milliy gvardiya favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish chog‘ida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etsa, Ichki ishlar vazirligi aholini xabardor qilish, hududdagi zarur uchastkalarni o‘rab olish (to‘sib qo‘yish) bo‘yicha choralar ko‘rish, qarovsiz qolgan mol-mulkni qo‘riqlash, Sog‘liqni saqlash vazirligi esa jabrlanganlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, favqulodda vaziyatlar zonasidagi atrof-muhitning radioaktiv, kimyoviy, zaharlovchi moddalar va bakterial (biologik) vositalar bilan ifloslanishini nazorat qilish vazifalarini bajaradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga favqulodda vaziyat zonasidagi aholini va evakuatsiya qilingan aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda oziq-ovqat bilan ta’minlashni tashkil etish, Energetika vazirligiga favqulodda vaziyatlar zonasidagi aholini, ishlab chiqarishga oid hamda ijtimoiy obektlarni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash topshirilgan.

Bu vazifalar taqsimoti Boysunda qanday ishlayapti? Masalan, Transport vazirligiga evakuatsiya tadbirlari davrida tashishlarni amalga oshirish uchun evakuatsiya poyezdlari, avtotransport vositalari ajratilishini tashkil etish, buzilgan avtomobil yo‘llarini, shuningdek transport infratuzilmasi obektlarini tiklash vazifalari belgilab berilgan. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda Boysunda odamlar yuk mashinalarida tashilayotgan holatlar aks etgan videolar ham tarqaldi.

Fuqarolar qanday huquqlarga ega?

Qonunga ko‘ra, fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:

  • favqulodda vaziyat ro‘y berganda hayoti, sog‘lig‘i va shaxsiy mol-mulkining muhofaza qilinishi;
  • umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarning aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish uchun mo‘ljallangan boshqa mol-mulkidan foydalanish;
  • mamlakat hududining muayyan joylarida bo‘lganda ular duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar darajasi to‘g‘risida hamda zarur xavfsizlik choralari haqida xabardor bo‘lish;
  • favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalalari yuzasidan davlat organlariga murojaat etish;
  • favqulodda vaziyatlar zonalarida ishlaganligi uchun bepul tibbiy xizmat, kompensatsiyalar va boshqa imtiyozlar olish;
  • favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish jarayonida majburiyatlarini bajarish chog‘ida o‘z sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiyalar va imtiyozlar olish;
  • favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish majburiyatlarini bajarish chog‘ida orttirgan kasalligi munosabati bilan mehnat qobiliyatini yo‘qotgan taqdirda, nogironligi mehnatda mayib bo‘lish oqibatida kelib chiqqan xodimlar uchun belgilangan tartibda pensiya ta’minotini olish.

Bundan tashqari, fuqarolar boquvchisini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish majburiyatlarini bajarish chog‘ida orttirgan mayiblik yoki kasallikdan halok bo‘lganligi yoki vafot etganligi munosabati bilan yo‘qotganda, mehnatda mayib bo‘lish tufayli halok bo‘lgan shaxsning oila a’zolari uchun belgilangan tartibda pensiya ta’minotini olishlari mumkin.

Fuqarolarning majburiyatlari ham bor

Qonunga binoan, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida fuqarolarning huquqlari bilan birga majburiyatlari ham bor.

Fuqarolar:

  • xavfsizlik choralariga rioya etishi, ishlab chiqarish intizomining va texnologik intizomning, ekologik xavfsizlik talablarining favqulodda vaziyatlar ro‘y berishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan buzilishlariga yo‘l qo‘ymasligi;
  • favqulodda vaziyatlardan muhofazalanishning asosiy usullarini, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘llarini o‘rganishi hamda o‘z bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirishi;
  • favqulodda vaziyatlar ro‘y berishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan avariyalar, ofatlar, halokatlar va yong‘inlar xavfidan darak beruvchi aniqlangan alomatlar to‘g‘risida tegishli organlarni xabardor qilishi;
  • favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi sharoitlaridagi va favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan sharoitlardagi ogohlantirish signallarini, yurish-turish qoidalarini hamda harakat qilish tartibini, umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan foydalanish usullarini bilishi;
  • zarur bo‘lganda, qutqaruv ishlarini va kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirishga ko‘maklashishi shart.

Texnogen ofat qanday bartaraf etiladi?

Kun.uz bilan suhbatlashgan boysunliklar “shaharni yoqimsiz, achchiq badbo‘y hid qoplaganini, nafas olish qiyinlashganini, ko‘p odamlar o‘zlarida lanjlik va bosh og‘rig‘ini his qilayotganini” aytgan. Bu, albatta, jiddiy xavotir uyg‘otadi.

Favqulodda holat sodir bo‘lgan hududda havoning ifloslanish darajasini o‘rganish, kelib chiqqan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Biroq texnogen ofat qanday bartaraf etilishi, ushbu jarayon qanday ketayotganligi, favqulodda holatning xavflilik darajasi, vazifalari belgilab berilgan vazirliklar hududda qanday ishlarni amalga oshirayotganligi haqidagi rasmiy axborotlar deyarli berilmayapti. Aksincha, Boysundagi vaziyat bo‘yicha axborot tarqatishga uringanlar bosimga uchrayotgani haqida xabarlar tarqalyapti. Bu esa hudud aholisida xavotirlarni karrasiga oshirmoqda.

Odamlar xavf ko‘lamini bilishga haqli. Sodir bo‘lgan texnogen ofatni bartaraf qilish bo‘yicha tegishli tartibda ilmiy va rasmiy axborotlar berib borilishi xavotirlarni oshirish emas, bosishga xizmat qilgan bo‘lardi.

Mavzuga oid