Jahon | 22:47 / 09.09.2024
12569
3 daqiqa o‘qiladi

Litva aholini ommaviy evakuatsiya qilish rejasini tayyorlamoqda

Aholi himoyasi bo‘yicha ishlar mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun Boltiq davlatlari Yevropa Ittifoqiga moliyalashtirish bo‘yicha ariza kiritadi.

Foto: Wikimedia

Litva oktyabr boshigacha milliy evakuatsiya rejasini ishlab chiqishni yakunlaydi. Bu haqda mamlakat IIV rahbari Agne Bilotayte ma’lum qildi. Vazirning aytishicha, hozirda har bir o‘zini o‘zi boshqarish organlari evakuatsiya dasturiga ega, biroq mamlakat uchun milliy miqyosdagi loyiha zarur.

Ukrainadagi urush fonida Boltiq davlatlari gibrid va dezinformatsiya hujumlariga uchray boshladi, mintaqadagi qo‘poruvchilik harakatlari esa «yangi reallikka» aylandi. «Ta’kidlash kerakki, biz old pozitsiyada turibmiz, shu boisdan hozirda fuqaro muhofazasi kun tartibimizning ustuvor yo‘nalishiga aylandi», — deydi Bilotayte.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, aholi himoyasi bo‘yicha ishlar mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun Boltiq davlatlari Yevropa Ittifoqiga moliyalashtirish bo‘yicha ariza kiritadi. «Imkoniyatlarimizni birlashtirish va mintaqaviy darajada ham, Yevropa Ittifoqi darajasida ham muvofiqlashtirilgan tarzda harakat qilish vaqti keldi. Ha, bu juda qimmat, lekin biz sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va YeIdan tegishli yordam olish imkoniyatlarini muhokama qilishimiz kerak», — deydi u.

Litva hukumati iyul oyining oxirida harbiy bosqin sodir bo‘lgan taqdirda aholini butun respublika hududidan ommaviy evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqishga kirishgan edi. Bilotayte o‘shanda ushbu chora-tadbirlarni Mudofaa vazirligi, Aloqa vazirligi va Inqirozlarni boshqarish milliy markazi bilan muhokama qilgan. «Vazirliklar bilan aholini evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ularning vazifalari to‘g‘risida kelishuvga erishildi va hozirda munitsipalitetlardan imkoniyatlar hamda ehtiyojlar bo‘yicha aniq ma’lumotlar kutilmoqda», — deyilgan edi IIV matbuot xizmatining yozdagi xabarida.

O‘shanda Polsha, Litva, Latviya va Estoniya yetakchilari Yevropa Ittifoqiga Rossiya hamda Belarus chegarasi bo‘ylab mudofaa chizig‘ini tortish taklifini ilgari surgandi. Sharqiy chegarada mudofaa infratuzilmasining paydo bo‘lishi, dezinformatsiya, kiberhujumlar, iqtisodiy bosim va migratsiya inqirozini yaratishga urinishlarni o‘z ichiga olgan gibrid tahdidlar muammosini hal qiladi.

Mavzuga oid