O‘zbekiston | 10:57 / 12.09.2024
5280
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Muhteshem doner kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Kafeda ovqatlangan 23 kishi ovqatdan zaharlangan. Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous sabab bo‘lgani haqida xulosaga kelingan.

Foto: anons.uz

SSV matbuot xizmati Toshkent shahridagi restoranlarning birida ommaviy zaharlanish yuz bergani va jabrlanuvchilar shifoxonaga yotqizilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Canitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 6-8 sentabr kunlari poytaxtda ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 kishi shifoxonalarga yotqizilgan, shundan 22 nafari Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga hamda 1 nafari Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.
 
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ularning barchasi 2024 yilning 5 sentabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani Niyozbek yo‘li ko‘chasi, 2-uy 2-A-xonadonda joylashgan MChJ “MUHTESHEM DONER” kafesida bir necha turdagi taomlarni iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi. 

Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 12 sentabr 09.00 holatiga ularning 13 nafariga uylariga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemorga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. Ayni paytda barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda.

Bugungi kunga kelib, Sanepidqo‘mning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi iste’mol qilgan mahsulot) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelinmoqda.

Mavzuga oid