Ishchi kuchi kamaydi: Gretsiya demografik falokatga yuz tutmoqda
2022 yilda mamlakatda 77 mingdan kam tug‘ilish qayd etilgan. Bu qariyb yuz yildagi eng past ko‘rsatkich. Gretsiya orollarida barmoq bilan sanarli keksa aholi yashaydigan bo‘m-bo‘sh qishloqlarni ko‘rish odatiy holga aylangan.
Gretsiya og‘riqli iqtisodiy inqirozni rasman tugatib, moliyaviy qutqaruv dasturlaridan chiqqaniga olti yil bo‘lgach, mamlakat yangi favqulodda vaziyat — aholi sonining kamayishiga duch keldi. Euronews maqolasida bu mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy tuzilishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlanadi.
Prognozlarga ko‘ra, 2070 yilga kelib Gretsiya aholisi chorakka qisqarishi mumkin, bu Yevropa Ittifoqi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (4 foiz) ancha yuqori.
2022 yilda mamlakatda qariyb yuz yildagi eng past ko‘rsatkich — 77 mingdan kam tug‘ilish qayd etilgan. Shu bilan birga, o‘lim deyarli ikki baravar ko‘paydi. Yaqin kelajakda ushbu tendensiya o‘zgarishsiz qolishi kutilmoqda.
“Demografik falokat kelajagimiz uchun tom ma’noda ekzistensial muammoga aylanib boryapti”, — deb ogohlantirdi Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis.
2021 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘n yil ichida umumiy aholi soni 3,1 foizga qisqarganini ko‘rsatdi. Hozir mamlakatda 10 milliondan sal ko‘proq odam istiqomat qiladi.
Shu o‘n yillik davrda Gretsiya iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi. Aynan mazkur inqiroz tufayli yarim millionga yaqin grek, ayniqsa yosh va ma’lumotli aholi qatlamlari, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.
Mamlakatda qolganlar haligacha ishsizlik yuqori, maosh kam mehnat bozorini tiklash mashaqqatiga duch kelmoqda. Bu esa barqaror karera qurish va oila barpo etish vazifasini yanada murakkablashtiradi.
Shimoliy Egey dengizidagi 50 ming aholi yashaydigan Hios orolida 30 yoshlar atrofidagi juftlik Mariya va Nikos jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Ular ikki yil oldin Gretsiyadan AQShga ko‘chib ketgan va faqat bayramlardagina bu yerga tashrif buyuradi. Ular muhojirlik qarorini tushuntirar ekan, bunga iqtisodiy qiyinchiliklar asosiy sabab bo‘lganini ta’kidladi.
“Kuniga 10-12 soatlab ishlashga to‘g‘ri kelsa-yu, xohlagancha daromad qilib bo‘lmasa, qanday qilib uy sotib olish mumkin? Oilani qanday boqasiz? Bu imkonsiz”, — dedi Mariya.
Nikos esa Gretsiyani qanchalik yaxshi ko‘rmasin, hatto sharoit yaxshilansa ham, bu yerda o‘z kelajagini ko‘rmayotganini ta’kidladi.
Hiosning uzoq migratsiya tarixi bor: so‘nggi bir necha avlod davomida odamlar boshqa joylarda imkoniyatlar izlab ketishgan. Bugungi kunda, ayniqsa orolning shimoliy qismida, barmoq bilan sanarli keksa aholi yashaydigan bo‘m-bo‘sh qishloqlarni ko‘rish odatiy holga aylangan.
Bu mamlakatning qayerga qarab ketayotganini eslatib turuvchi holat, chunki tug‘ilishning past darajasi (bir ayolga 1,32 bola to‘g‘ri kelishi) hamda umr ko‘rish davomiyligining oshishi aholi sonining tez sur’atlarda qisqarishi va keksayishiga olib kelmoqda.
Grek iqtisodchisi Nikos Vettas ushbu demografik o‘zgarishning iqtisodiy oqibatlariga e’tibor qaratib, bu Gretsiyaning pensiya va sog‘liqni saqlash tizimlariga qo‘shimcha yuk ortishini ta’kidladi: “Asosiy muammo shundaki, ishlaydigan odamlar soni kamayadi. So‘ng bu kam sonli ishchi kuchiga ko‘p miqdordagi keksalarni ta’minlash vazifasi yuklanadi”.
Biroq Vettas muammoni yumshatish uchun bir qator choralar ko‘rish mumkinligini qo‘shimcha qildi: “Mamlakatda mehnat unumdorligini oshirish, texnologiyalarni joriy etish kerak. Ayniqsa, yuqori unumli ish o‘rinlariga immigrantlar oqimini rag‘batlantirish zarur.”
Muammoning dolzarbligini e’tirof etgan Gretsiya hukumati 2023 yilda tarixda birinchi bo‘lib demografik muammoni hal qilish bilan maxsus shug‘ullanadigan vazirlik tuzdi. Sofiya Zaxaraki boshchiligidagi vazirlik bir qator chora-tadbirlarni, jumladan, soliq imtiyozlari va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun davlat nafaqalarini ko‘paytirishni joriy qildi.
Zaxaraki ushbu choralar bilan muammoni hal qilib bo‘lmasligini tan olsa-da, bu “Gretsiya duch kelgan eng jiddiy tahdid”ning oldini olish uchun to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam ekanini ta’kidlaydi.
Mavzuga oid
19:17 / 03.11.2024
Rossiyada tug‘ilish darajasini lotereyalar yordamida oshirish taklif etildi
17:46 / 24.10.2024
Keyingi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayadi yo ko‘payadi – prognozlar qanday?
21:06 / 23.10.2024
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026 yilga reja qilinmoqda
20:20 / 12.10.2024