AQSh Gurjistonda «demokratiyaga putur yetkazilgani» uchun sanksiyalar kiritdi
AQSh Moliya vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. Davlat departamenti 60 dan ortiq Gurjiston fuqarolari va ularning oila a’zolariga nisbatan viza cheklovlarini joriy qildi.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Vashington fikricha, Gurjistondagi «asosiy erkinliklarga, jumladan, so‘z erkinligiga putur yetkazgan» shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Cheklov choralari haqida 16 sentabr, dushanba kuni Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Cheklovlar «tinch namoyishchilar va siyosiy muxoliflarga qarshi shafqatsiz repressiyalar» bilan bog‘liq Gurjiston hukumatining ikki mansabdor shaxsiga hamda yig‘ilishlar va so‘z erkinligini zo‘ravonlik bilan bostirishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan ikki xususiy shaxsga nisbatan qo‘llangan.
Ro‘yxatda Gurjiston Ichki ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha departamenti rahbari Zviad Xarazishvili va uning o‘rinbosari Mileri Lagazauri bor. Bundan tashqari, ro‘yxatga o‘ta konservativ rossiyaparast Alt-Info («Alt-info») platformasi yetakchilari Zurab Maxaradze va Konstantin Morgoshiya ham kiritilgan.
Vashingtonga ko‘ra, birinchi ikkisi «chet el agentlari» qonuniga qarshi namoyishlarni bostirish bilan aloqador. OFAC qo‘shimcha qilishicha, Alt-Info rahbarlari 2021 va 2023 yillarda jurnalistlar, ozchilik guruhlari va nodavlat notijorat tashkilotlari idoralariga bosim o‘tkazishda ishtirok etgan.
AQSh Davlat departamentining viza cheklovlari
AQSh Davlat departamenti, shuningdek, «Gurjistonda demokratiyaga putur yetkazishda ishtirok etgan» 60 dan ortiq fuqarolar va ularning oila a’zolariga viza cheklovlari joriy qilmoqda. Ular orasida «gurji xalqining asosiy erkinliklarini cheklash uchun o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan» yuqori martabali davlat va munitsipal amaldorlar, korrupsiya bilan shug‘ullangan tadbirkorlar, dezinformatsiya tarqatgan va ekstremizmni targ‘ib qilgan shaxslar, namoyishchilarni kaltaklashda ishtirok etgan huquq-tartibot idoralari xodimlari, «nodemokratik qonunchilikni va fuqarolik jamiyatiga cheklovlarni ilgari surishda» muhim rol o‘ynagan parlament a’zolari bor, deyiladi tashqi siyosat idorasi bayonotida.
«Biz Gurjistonda inson huquqlari buzilishi va antidemokratik harakatlardan xavotirdamiz», - deya ta’kidladi Vashington.
Gurjistonda parlament saylovlari kutilmoqda
26 oktyabr kuni Gurjistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Avvalroq, 1 avgust kuni u yerda «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirgan va bu mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Huquqiy norma daromadining kamida 20 foizini xorijdan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalariga davlat ro‘yxatidan o‘tish majburiyatini yuklaydi.
Qonun Yevropa Ittifoqi va AQShning Tbilisini tanqid qilishiga sabab bo‘ldi. Shunday qilib, YeI davlatlari rahbarlari Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi va Tbilisini mudofaa sohasida qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 30 million yevroni muzlatdi.
Iyul oyi boshida Qo‘shma Shtatlar ikki tomonlama hamkorlik qayta ko‘rib chiqilishi sababli Gurjiston bilan «Muvofiq sherik» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini noma’lum muddatga qoldirgan edi.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
16:25 / 09.11.2024