O‘zbekiston | 21:34 / 18.09.2024
25191
8 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri M25 konining texnik tavsifini bayon qildi

17 sentabr kungi avariyada 4 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan, ulardan 10 nafariga shu kuni shifoxonadan uyiga javob berilgan. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bugungi brifingda konning tarixi, buguni, texnik tavsifi va uni o‘zlashtirish naqadar murakkabligi haqidagi bir necha sahifalik ma’lumotnomani o‘qib eshittirdi. Jurnalistlar savollariga esa javob berilmadi.

17 sentabr kuni “Mustaqillikning 25 yilligi” konidan yana oltingugurt gazi chiqa boshlashi bilan bog‘liq avariyada 4 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan. Jabrlanganlarning 10 nafariga shu kuni uyiga javob berilgan.

Bu haqda favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida 18 sentabr kuni Boysundagi kon yaqinida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Brifing formatidagi anjumanda mas’ullar jurnalistlar savollariga javob bermadi.

Rasmiylarga ko‘ra, 17 sentabr kuni soat 16:00 larda kondagi 604-sonli quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi chiqayotgani qayd etilgan. 1 sentabr kungi texnogen ofat ham ushbu quduqda ro‘y bergan, natijada bir necha qishloqlar aholisi uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgandi. Ikki hafta Boysun shahrida yashagan aholi 15 sentabr kuni zaharli gaz chiqishi to‘xtatilgani e’lon qilinganidan keyin, yana uylariga qayta boshlagandi.

18 sentabr kungi brifingda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hodisaning takrorlangani konning geografik joylashuvi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liqligini aytdi.

Quyida vazir tomonidan jurnalistlarga berilgan ma’lumotlar vazirlik keltirgan rasmiy tahrirda keltirib o‘tilmoqda.

Foto: AOKA

Jo‘rabek Mirzamahmudov, O‘zbekiston energetika vaziri:

— “Mustaqillikning 25 yilligi” koni Boysun shahridan 20 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Geografik jihatdan hudud tog‘oldi-adir relefidir. Relefning mutlaq balandligi dengiz sathidan 1000 metrni tashkil etadi.

“M-25” (“Gajak”) koni birinchi marta 1933 yilda geologik tadqiqot yo‘li bilan aniqlangan va 1938 yilda tayyorlangan. 1941 yilda bu yerda birinchi qidiruv qudug‘i burg‘ilangan.

1974 yilda 5-sonli quduqni sinovdan o‘tkazishda quyi bo‘r qatlamlaridan gazning sanoat oqimlari olingan. Xuddi shu yili tuzilma kon toifasiga kiritilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kon zaxirasi 40 mlrd m3ni tashkil etgan. 2006–2008 yillarda Malayziyaning “Petronas” kompaniyasi tomonidan “O‘zbekneftgaz” MXK bilan imzolangan qo‘shma o‘rganish to‘g‘risidagi bitim doirasida Gajak maydonida 3D seysmik qidiruv ishlari olib borildi va bitta quduq sinovdan o‘tkazildi.

Kompaniyaning loyihaga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari umumiy miqdori 102 million AQSh dollarini tashkil etdi. Kompaniyaning investitsiya siyosatidagi o‘zgarishlar va eng asosiysi, “Gajak” konini o‘zlashtirishning murakkabligi tufayli kompaniya loyihadan chiqdi.

M-25 koni geologik tuzilishiga ko‘ra “juda murakkab kon-geologik sharoitlar”, zaxiralarning ajratib olinishiga ko‘ra “qiyin ajratib olinadigan zaxiralar” toifasiga kiradi.

Ma’lumot uchun. Murakkab geologik tuzilish ko‘p sonli strukturaviy buzilishlarning mavjudligi, filtratsiya-sig‘im xususiyatlarining katta xilma-xilligi bilan bog‘liq. Bu yerda samarali qazib olish uchun butasimon burg‘ilash usulidan foydalanish talab etiladi. Qiya yo‘nalishdagi quduqlarni qurish 1200 m gacha.

GKZda tasdiqlangan boshlang‘ich zaxiralar 108,6 mlrd m3 ni tashkil etadi. Shu bilan birga, qazib olish davrida (30 yil) to‘plangan gaz qazib olinishi kutilmoqda – 81,2 mlrd m3 va qazib olish koeffitsiyenti – 0,77.

Tabiiy gaz tarkibi va qatlamning tavsifi:

  • yuqori oltingugurtli gaz (oltingugurt miqdori 7% gacha);
  • yuqori karbonat angidrid gazi (tarkibida karbonat angidrid gazi 12% gacha);
  • kondagi anomal yuqori qatlam bosimi 65 MPa;
  • kesimi bo‘yicha yuqori harorat 150°S gacha yetadi;

Taqqoslash uchun:

  • Muborak hududidagi konlarda oltingugurt (H2S) miqdori – 3,8%, karbonat angidrid gazi (SO2) miqdori 4,61% gacha.
  • Ustyurt hududidagi konlarda oltingugurt (H2S) miqdori – 0%, karbonat angidrid gazi (SO2) miqdori 1,31% gacha.
  • Sho‘rtan hududidagi konlarda oltingugurt (H2S) miqdori – 0,07%, karbonat angidrid gazi (SO2) miqdori 2,9% gacha.
  • Gazli hududidagi konlarda oltingugurt (H2S) miqdori – 0,72%, karbonat angidrid gazi (SO2) miqdori 3,1% gacha.

Ushbu sharoitlar yuqori bosim, harorat, vodorod sulfidga chidamlilikni ta’minlaydigan uskunalar, materiallar, kimyoviy reagentlar, texnologiyalarga alohida talablarni qo‘yadi va uglevodorodli agressiyaga qarshi, burg‘ilash eritmasining yuqori zichliklarida (2,30 g/sm3 gacha) ishlash, kuchli (600 m gacha) yuqori qatlam bosimiga ega kollektor burg‘ilash eritmalarini boshqarishda alohida yondashuvni talab qiladi. Konning murakkab geomexanikasi tufayli burg‘ilash eritmalarining, shu jumladan uglerod asosli eritmalarning alohida xususiyatlari zarur.

Bundan tashqari, maqsadli gorizontlarning qatlam sharoitlari – termobarik sharoitlar va qatlam flyuididagi karbonat angidrid va vodorod sulfid miqdori – yuqori bosim ostida agressiv yuqori haroratli kislotali muhitda ishlay oladigan korroziyaga chidamli CRA (nikel-xrom-molibden) qotishmasidan tayyorlangan qimmatbaho ekspluatatsiya uskunalari va materiallarini moddiy jihatdan bajarish zarurligini belgilaydi. Buni o‘z navbatida loyihaning xalqaro texnik maslahatchilari (Halliburton, Schlumberger, Baker Hughes, Weatherford va boshqalar) tasdiqladilar.

Shuningdek, quduqlarni sinash jarayonida nasos-kompressor quvurlarida (NKQ) oltingugurtning cho‘kishi kuzatiladi, ularni bartaraf etish uchun oltingugurt tiqinlarini eritishga qodir bo‘lgan kimyoviy reagentlarni haydash kerak.

Ma’lumot uchun. Hisoblashlar shuni ko‘rsatadiki, gaz tarkibida oltingugurt bo‘lganda 0,7 g/m3 10% oltingugurt quvurlar yuzasida to‘planadi kuniga 283 ming m3 quduqda 20 kg atrofida oltingugurt cho‘kadi. Operator tomonidan tajriba-sanoat ishlari olib borildi. Unda turli xil reagentlar sinovdan o‘tkazilib, NQQda oltingugurt tiqinlarini bartaraf etish uchun kimyoviy reagentlarni tanlash bo‘yicha jahon tajribasi o‘rganildi va dastlab "MIRRIKO" (RF) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Atren B-solv eritmasi tanlandi.

Quduq stvolida cho‘kindilarga qarshi kurashish uchun konni ishlatish loyihasi (QeE)da quyidagi reja-tadbirlar nazarda tutiladi: kombinatsiyalangan usul bilan (mexanik yoki kimyoviy) oltingugurt cho‘kindilarini olib tashlash quduqlarni bir yilda 30 kunga qo‘shimcha majburiy to‘xtatishga. Quduqda boshqa operatsiyalarni hisobga olgan holda to‘xtashlarning umumiy vaqti yiliga 55 kunni tashkil etishi mumkin.

2017 yildan “Surhan Gas Chemical Operating Company” kompaniyasi operator sifatida “Mustaqillikning 25 yilligi” (“Gajak”) konida va “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokida mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirishni boshladi.

Geologiya qidiruv ishlari doirasida 160 kvadrat kilometr hududda 3D, 492 pogon kilometr hududda esa 2D uslubida seysmik tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Jami 23 ta quduqda burg‘ilash, 10 ta quduqda sinov ishlari yakunlangan. Hozirgi vaqtda 4 270 nafardan ortiq quruvchilar va 517 ta qurilish texnikasi jalb qilingan.

Mavzuga oid