Jamiyat | 15:02 / 20.09.2024
16911
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda o‘quvchi darsdan kuch ishlatib olib chiqib ketildi

Holat Ellikqal’a tumanida bo‘lgan. 28-maktabning 1-sinf o‘quvchisini onasi va qarindoshlari darsdan majburan olib ketgan. Vaziyat bolaning kim bilan yashashiga oid qarindoshlar o‘rtasidagi nizo tufayli yuzaga kelgani aytilyapti.

Ellikqal’a tumanidagi maktab o‘quvchisini qarindoshlari darsdan kuch ishlatib olib chiqib ketgani aks etgan holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 5 sentabr kuni 28-maktabning 1-sinf o‘quvchisi Y.X. (o‘g‘il bola)ni onasi S.Sh. darsdan kuch ishlatib olib chiqib ketgan. Tashkilot S.Sh. va boshqa shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid tegishli hujjatlar to‘planib, sudga yuborilganini ma’lum qildi. Ish bugun, 20 sentabr kuni sudda ko‘rib chiqiladi. Ombudsmanga ko‘ra, vaziyat bolaning kim bilan yashashiga oid qarindoshlar o‘rtasidagi nizo sabab yuzaga kelgan.

Video bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ishchi guruh tuzib, o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Y.X.ning otasi 5 yil avval vafot etgan. Bola otasining onasi qo‘lida qolgan. Bolani o‘z tarbiyasiga olish uchun onasi S.Sh. 5 sentabr kuni o‘zining aka-ukalari bilan maktabga orqa eshikdan kirib, dars bo‘layotgan xonada o‘qituvchining qarshiligiga qaramasdan o‘quvchiga kuch ishlatib, sinfdan olib chiqib ketgan.

Vazirlik holat ro‘y bergan paytda maktab direktori tomonidan Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlariga xabar berilganini qo‘shimcha qilgan. “Bugungi kunda o‘quvchining onasi S.Sh. tomonidan bolani o‘z tarbiyasiga olish bo‘yicha bir necha bor sudga murojaat qilingani ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, darsdan olib ketilgan bolaning ta’lim olish huquqi tiklanib, u o‘qishni davom ettiryapti.

Mavzuga oid