Jahon | 08:40 / 25.09.2024
9332
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy BMTda: Rossiyani tinchlikka faqat majburlash mumkin

Rossiya Ukrainadagi atom elektr stansiyasiga hujum qilishni rejalashtirmoqda va u bilan muzokara qilish befoyda, dedi Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi zalida.

Foto: AP /Pool/Julia Demaree Nikhinson

Rossiyaning Ukrainaga davom etayotgan keng miqyosli bosqinini «gap bilan tinchlantirish mumkin emas» — buning o‘rniga chora ko‘rish kerak, chunki urush shunchaki «to‘xtamaydi». Bu haqda 24 sentabr, seshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy aytib o‘tdi.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning «birinchi soniyasidanoq» «BMT Nizomi bo‘yicha hech qanday tarzda oqlab bo‘lmaydigan» xalqaro jinoyatlarni sodir etmoqda. «Putin shunchalik ko‘p xalqaro normalar va qoidalarni buzdiki, endi Rossiyani tinchlikka faqat majburlash mumkin — bu urushda yagona tajovuzkor, yagona buzuvchi sifatida Rossiyani tinchlikka majburlash», — dedi Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishlari zalida.

Ukraina prezidenti BMT Nizomi tashkilotning barcha a’zolari uchun bir xil va unga hamma teng rioya etishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi harakatlarini tushuntirish uchun BMT Nizomiga murojaat qila olmaydi, garchi u buni «o‘zining buzilgan dunyosida» qilsa ham. Rossiya Federatsiyasi boshlagan urush, Ukrainaga o‘zini himoya qilish huquqini beruvchi BMT Nizomi kuchga kirgach, «haqiqatan» yakunlanadi, dedi Ukraina rahbari.

«Urushni tugatish yo‘li - tinchlik formulasi orqali»

U Kiyevni Putin bilan muzokaralar olib borishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan davlatlar vakillarini tanqid qildi: «Ular biz o‘z xalqimizni himoya qilish huquqidan foydalanayotganimiz uchun xafa bo‘lganini yoki urushni va terrorni faqat shunday davom ettirishni xohlayotganini nima deb tushunish mumkin?»

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kimdir undan «charchagani» yoki «Putin bilan nimadir savdolashgani» uchun tugamaydi. Adolatli tinchlikka faqat BMT Nizomini amalga oshirish orqali erishish mumkin va bu Ukrainaning «tinchlik formulasida» o‘z aksini topgan», — dedi Zelenskiy.

Zelenskiy BMT davlatlarini ushbu masala bo‘yicha birdamlikka va ikkinchi global tinchlik sammitiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirar ekan, Xitoy va Braziliyani alohida tilga olib, ularni sammitda ishtirok etishga taklif qildi, bu birinchi uchrashuvda bo‘lmagan. Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Eron va Shimoliy Koreyani Rossiya Federatsiyasining urushdagi «de-fakto sherigi» deb atadi. «Ularning qurollari bizni o‘ldirmoqda, ukrainaliklarni o‘ldirmoqda va Putinga bizning yerimizni xalqimizdan o‘g‘irlashda yordam bermoqda», dedi u.

Rossiya rasmiylari avvalroq Moskva noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etmasligini bir necha bor ta’kidlagan edi.

Zelenskiy RFni Ukraina AESga hujumlar tayyorlashda aybladi

Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda Rossiya qish oldidan mamlakatning energiya ta’minotini yo‘q qilish maqsadida Ukrainadagi uchta atom elektr stansiyasiga hujumlar tayyorlayotgani haqida dalillar bor.

«Agar Rossiya shu qadar uzoqqa borishga tayyor bo‘lsa, demak, siz qadrlaydigan har qanday narsa Moskva uchun ahamiyatsiz, u zarba berishda davom etadi», dedi u BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga. 

Avvalroq Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Rossiya Federatsiyasi Ukrainaning bir nechta atom elektr stansiyalariga hujumlar uyushtirishni rejalashtirayotganini aytgandi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi vakillarining ta’kidlashicha, Kiyev bu vaziyat haqida AEXA va ittifoqchilarni allaqachon xabardor qilgan. O‘z navbatida, AEXA yana bir bor Rossiyani Zaporijjya AESni deokkupatsiya qilishga chaqirib, atom elektr stansiyasida davom etayotgan hodisalar oqibatlari xavfini ta’kidladi.

Mavzuga oid