Jahon | 18:41 / 27.09.2024
15043
10 daqiqa o‘qiladi

Burj Xalifa: dunyoni hayratga solayotgan osmono‘par bino

Dunyoning eng baland binosi Burj Xalifa ko‘plab rekordlarni o‘rnatgan. Masalan, u dunyodagi tomosha qilish uchun odamlar eng ko‘p boradigan manzil hisoblanadi. Har yili uni ko‘rish uchun qariyb 20 mln odam boradi.

Foto: Getty Images

Bugun insoniyat imkoniyatlarining chegarasi yo‘qday tuyulmoqda. Aslida, bunday bo‘lmasa ham, so‘nggi yillarda yaratilgan turli narsalar, qurilayotgan binolar va amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalar haqida xabar topgan inson shunday deb o‘ylaydi.

Ayniqsa Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida balandligi 800 metrdan oshiq binoning qurilishi XXI asrda sodir bo‘lgan eng shov-shuvli hodisa bo‘ldi.

Agar insoniyat tarixiga nazar tashlansa, zamonaviy osmono‘par binolar tarixi 1885 yilda AQShning Chikago shahrida qurilgan 10 qavatdan iborat 42 metrli binodan boshlanadi.

Ilk 100 (102) qavatli bino Empire State Building 1930 yilda Chikagoda tiklanadi. U 1970 yilda Butunjahon savdo markazi binosi qurilguncha 39 yil dunyodagi eng baland bino maqomida bo‘lgan. AQShda 20-asrning so‘nggi choragida yana ko‘plab baland binolar tiklandi.

XXI asrga o‘tib dunyoning boshqa davlatlarida ham baland binolar qurish avj oldi. Ana shunday davlatlardan biri Birlashgan Arab Amirliklari hisoblanadi. Bu davlatda joylashgan Dubay shahrida dunyodagi eng baland bino — Burj Xalifa qurilgan.

Foto: independent.co.uk

Burj Xalifaning qurilish tarixi

Burj Xalifa loyihasi Amerikaning Skidmore va Owings and Merrill me’morchilik byurolari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u «shahar ichidagi shahar» tarzida bo‘lishi kerak edi.

Burj Xalifa loyihasini amerikalik arxitektor Edrian Smit tayyorlagan. U avvalroq Xitoyda tiklangan 420 metrlik Mao Jin osmono‘par binosining loyihasini tayyorlagandi.

Loyiha tayyor bo‘lgach unga asosiy pudratchi sifatida Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi tanlanadi. Bu kompaniya Malayziya poytaxti Kuala-Lampur shahrida tiklangan Petronas Towers egizak binolari urilishida bosh pudratchi bo‘lgandi.

Dastlabki loyihada binoning balandligi 705 metr bo‘lishi rejalashtirilgandi. Shunda ham u qurilsa dunyodagi eng baland bino bo‘lardi.

2006 yil sentabrda uning balandligi 916 metr bo‘lishi, ko‘p o‘tmay 940 metr qilib qurilishi aytiladi. Bungacha bino qurilishi boshlanib bo‘lgandi. Oxir-oqibat, uning balandligi 828 metr bo‘ladi.

Burj Xalifa qurilishi 2004 yilda boshlanadi. Eng avval bino qurilishi rejalashtirilgan joyga uzunligi 45, diametri 1,5 metr bo‘lgan 200 dona beton qoziq qoqiladi.

Burj Xalifa binosi ostidagi "yostiq"
Foto: suchablog.com

So‘ng uning ustida qalinligi bir necha metr bo‘lgan ulkan beton «yostiq» qo‘yiladi. Bu beton yostiqning o‘lchami 17 ta futbol maydoniga teng edi. So‘ng «yostiq»qa bino asosi bo‘lgan ustunlar biriktiriladi.

O‘shanda ishlarni tezlatish uchun qurilish maydonida bir vaqtning o‘zida 12 ming ishchi mehnat qilgan. Ular bir haftada 1-2 qavatni bitira boshlagan.

Binoni qurish uchun +50 darajada ham o‘zgarmaydigan maxsus beton ishlab chiqarilgan. Bino asosiga, ustunlar va to‘sinlarga beton faqat tunda quyilgan. Unda ham betonga muz aralashtirib turilgan.

Qurilish jarayoni
Foto: kkge.ru

Qurilish xronologiyasi:

  • 2004 yilda bino qurilishi boshlanadi;
  • 2007 yil fevral oyida bino balandligi qariyb 450 metrga yetadi va u dunyodagi baland binolarning biri bo‘lgan Chikagodagi 443 metrli Uillis-tauerni quvib o‘tadi;
  • 2007 yil 21 iyul kuni Burj Xalifa Taybeydagi 509 metrli binoni ham ortda qoldiradi;
  • 2007 yil 15 sentabrga borib, bino balandligi 555 metrga yetadi va 31 yil davomida dunyodagi eng baland bino bo‘lib kelgan Torontodagi Si-En-Tauerning rekordini yangilaydi;
  • 2007 yil 24 oktyabrda Burj Xalifaning 156-qavati quriladi va uning balandligi 585 metrga yetadi. 160-qavatdan tepasini (yana 232 metr) metall konstruksiyalaridan tiklay boshlashadi;
  • 2008 yil 30 dekabr kunida Burj Xalifaning balandligi 780 metrdan oshadi;
  • 2009 yil 17 yanvar kuni bino balandligi loyihada belgilangan 818 metrga yetgani e’lon qilinadi. Keyin unga 10 metrli temir konstruksiya o‘rnatiladi va umumiy uzunlik 828 metrga yetadi.
  • Binoning rasmiy ochilish marosimi 2010 yil 4 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Qurilish jarayoni

Burj Xalifada nimalar bor?

Dunyodagi eng baland bino nomini olgan Burj Xalifaning yer osti qismi avtoturargohdan iborat.

Vestibyul va nolinchi qavatdan boshlab 16-qavatgacha, yana 19-39-qavatlarni Armani mehmonxonasi band etgan. Mehmonxona dizaynini Jorjio Armanining o‘zi chizgan.

17-18, 40-42, 73-75, 109-110, 136-138, 155, 160-163-qavatlar texnik qavatlar hisoblanadi. Ularda turli uskunalar joylashtirilgan.

43 va 76-qavatlarda sportzal, hovuzlar va terassalar qilingan. 44-72 va 77-108-qavatlar odamlarga xonadon sifatida sotilgan.

100-qavatni to‘liq hindistonlik milliarder B.R.Shetti sotib olgan.

111-121, 125-135 va 139-154 qavatlar ofislardan iborat. 122 qavatda «At.mosphere» restorani joylashgan.

123-qavat tomoshalar maydonchasi hisoblanadi. Bu yerga chiqmoqchi bo‘lganlar 110 dollar to‘lov qilishlari lozim bo‘ladi.

124-qavat observatoriya joylashgan. Bu joyga ham pul to‘lab chiqiladi va tunda osmon jismlari kuzatiladi.

156-159-qavatlarda aloqa va radiouzatish uskunalari joylashtirilgan.

Burj Xalifadagi tomosha maydonchasi
Foto: yahoo.com

Binodagi qulayliklar

Burj Xalifaning barcha qavatlari yil davomida sovitilib, bino ichiga xushbo‘y hidlar purkab turiladi.

Binoda 57 ta tezyurar lift va 8 ta eskalator o‘rnatilgan. Ular dunyodagi eng tez harakatlanuvchi liftlar hisoblanadi. Liftlar sekundiga 18 metrgacha harakatalanadi. Biroq ularga soniyasiga 10 metrgacha harakatlanishi yozib qo‘yilgan.

Faqat bino xizmatchilari foydalanadigan lift yer ostidagi qavatlardan binoning eng tepa qismigacha chiqib boradi. Mehmonlar eng yuqori qavatlarga chiqish uchun turli qavatlarda bir necha marta lift almashtirishi kerak bo‘ladi.

Foto: Tripex

Burj Xalifa tomonidan o‘rnatilgan rekordlar

Burj xalifa dunyoning eng baland binosi bo‘lishdan tashqari juda ko‘p rekord o‘rnatgan.

Jumladan:

  • Insoniyat tarixida qurilgan eng baland qurilma (Burj Xalifa qurilguncha bu rekord Varshavada tiklangan 646 metrli radiominorasiga tegishli bo‘lgan);
  • Hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan bino va qurilmalar orasida eng baland bino (ungacha bu rekord AQShdagi 628 metrli KVLY teleradio minorasiga tegishli bo‘lgan);
  • O‘z o‘rnida erkin tura oladigan qurilmalar ichida eng balandi (ungacha bu rekord Torontoda qad ko‘targan 553 metrli Si-En-Tauerga tegishli bo‘lgan);
  • Dunyodagi eng baland bino (ungacha bu rekord Taybeydagi 508 metrli osmono‘par binoga tegishli bo‘lgan);
  • Dunyodagi eng ko‘p qavatlarga ega bino (ungacha bu rekord Chikagodagi 110 qavatli Uillis-tauerga tegishli bo‘lgan);
  • Eng baland liftga ega bo‘lgan bino;
  • Eng tez harakatlanuvchi liftga ega bino (soniyasiga 18 metr);
  • Beton qorishmasi ishlatilgan eng baland qavatlarga ega bino (601 metrda beton qorishmasi ishlatilgan. Ungacha bu rekord 449 metrda beton qorishmasini ishlatgan Taybeydagi osmono‘par binoga tegishli bo‘lgan);
  • Eng baland joyda joylashgan tomosha maydonchasi – 555 metr balandlikda, 148-qavatda;
  • Eng balandda joylashgan restoran (Atmosfera restorani – 122-qavatda, 442 metr balandlikda joylashgan. Ungacha bu rekord Si-En Tauer binosidagi 350 metr balandlikda joylashgan «360» restoraniga tegishli bo‘lgan).
Foto: puntomarinero.com

Qurilishi rejalashtirilgan eng baland binolar

Burj Xalifa qurilgancha va undan keyin dunyoning turli hududlarida bu binodan ham balandroq imorat qurish bo‘yicha loyihalar qilinadi.

Jumladan:

2013 yilda Dubayda 928 metrli The Tower at Dubai Creek Harbour;

2013 yilda Saudiya Arabistoni Qizil dengiz bo‘yida 1 000 metrli Jeddah Tower;

Dubayda Al-Nahil kompaniyasi 1 400 metrlik «Burj Nahil», Bahraynda 1 022 metrli Murjan Tower;

AQShning Mayami shahrida 975 metrli Miapolis osmono‘par binosini qurish rejalashtirilgandi. Biroq bularning birontasi tiklanmadi.

Ma’lumot uchun, sentabr oyi boshlarida Dubayda Azizi Developments kompaniyasi tomonidan 725 metrli bino qurilayotgani haqida xabarlar chiqdi.

«Burj Azizi» deb nomlangan 131 qavatli bino bitsa u Burj Xalifadan so‘ng dunyodagi ikkinchi baland bino bo‘ladi. Burj Azizi qurilishi 2028 yilda yakunlanishi aytilmoqda.

Burj Azizi bitsa shu ko‘rinishda bo‘ladi

Burj Xalifa haqida qiziqarli ma’lumotlar

Burj Xalifadaning sirtini yopish uchun 26 ming dona maxsus oyna ishlatilgan. Ularni tozalab turish uchun bino sirtida 12 ta maxsus uskuna o‘rnatilgan.

Burj Xalifada har kuni qariyb 1 mln tonna suv ishlatiladi. Binoda har kuni 100 kilovattli chiroqning 360 mingtasiga yetadigan elektr energiya sarflanadi.

Binoda 3 mingta mashina sig‘adigan avtoturargoh, 304 ta mehmonxona xonasi, 900 ta kvartira bor.

Burj Xalifa avvaliga Burj Dubay deb atalgan. Keyinchalik BAA prezidenti Xalifa ibn Zayd al Naxayon sharafiga Burj Xalifa deb o‘zgartirilgan.

Burj Xalifaning tepadan ko‘rinishi BAA cho‘llarida o‘sadigan Hymenocallis nomli nilufargulga o‘xshaydi.

Burj Xalifa tepa tomondan BAA cho‘llarida o‘sadigan Hymenocallis nomli nilufargulga o‘xshaydi

Burj Xalifa qurib bitkazilguncha unga 320 ming metr kub beton va 60 ming tonna maxsus armatura ishlatilgan. Beton binoning 160 qavatigacha ishlatilgan. Undan tepa qismi faqat metall konstruksiyadan tiklangan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid