Jahon | 14:23 / 27.09.2024
12231
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng baxtli shaharlar reytingi e’lon qilindi

Reytingdan jami 250 ta shahar o‘rin olgan. Ular orasida Markaziy Osiyo shaharlari yo‘q.

Foto: Alamy

Londonda joylashgan Hayot sifati instituti 2024 yil uchun dunyodagi eng baxtli shaharlarning yangilangan reytingini taqdim etdi.

Shaharlardagi baxtlilik darajasi kerakli resurslarning mavjudligi, demografik xususiyatlar va ijtimoiy sharoitlar kabi ko‘plab omillarga bog‘liq, deyiladi tadqiqotda. Ushbu reytingdan jami 250 ta shahar o‘rin olgan. Baholash davomida shaharlar uch toifaga ajratildi: Oltin, kumush va bronza.

Birinchi toifaga Orhus (Daniya), Tsyurix (Shveytsariya), Berlin (Germaniya), Gothenburg (Shvetsiya) va Amsterdam (Niderlandiya) kabilar kiradi. Bu guruhda jami 37 ta shahar mavjud.

“Kumush” darajadagi baxtli shaharlar orasida Boston (AQSh), Odense (Daniya), Oslo (Norvegiya), Melburn (Avstraliya) va Monako bor.

Uchinchi toifadagi baxtli shaharlar qatoriga Linz (Avstriya), Asan (Janubiy Koreya), Dyusseldorf (Germaniya), Uppsala (Shvetsiya), Maastriht (Niderlandiya) va boshqalar kiritildi.

Reytingdagi shaharlarning xilma-xilligiga qaramay, Markaziy Osiyodan birorta shahar ro‘yxatga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 121 mamlakatni o‘z ichiga olgan eng xavfsiz davlatlar reytingida birinchi o‘rinda qayd etilgandi.

Mavzuga oid