Jahon | 00:21 / 27.09.2024
3090
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha sudi josuslikda ayblangan ukrain va belarusga hukm o‘qidi

Ayblanuvchilar 2023 yilning yanvaridan martiga qadar Ukrainaga yuborilgan harbiy va gumanitar yordamlar tashilgan temiryo‘llarga videoregistratorlar o‘rnatgan.

Foto: Global Look Press

Polshadagi Lyublin sudi Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan 23 yoshli Ukraina fuqarosi Maksim L. hamda 30 yoshli Belarus fuqarosi Vladislav P.ga nisbatan hukm chiqardi.

Ukrainalik yigit, shuningdek, kannabis saqlagani uchun ham ayblangan. Unga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 15 ming zlota (3900 dollar) miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Maksim L. o‘z aybiga iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan. Belarus fuqarosi esa 2 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 10 ming zlota (2600 dollar) miqdorida jarima belgilangan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, ayblanuvchilar 2023 yilning yanvaridan martiga qadar Ukrainaga yuborilgan harbiy va gumanitar yordamlar tashilgan temiryo‘llarga videoregistratorlar o‘rnatgan. Ular o‘tgan yilning mart va avgust oylarida Polshaning turli hududlarida qo‘lga olingan bo‘lib, sudga qadar hibsga saqlangan.

Ayblanuvchilar a’zo bo‘lgan guruhning vazifasi aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, dengiz portlari, mexanik zavodi va harbiy qismlar, shuningdek, Polsha-Ukraina chegarasidagi nazorat o‘tkazish punktlarini kuzatishdan iborat bo‘lgan. 

Prokuratura ayblovida keltirilishicha, guruh faoliyatini Telegram orqali Andrey ismli shaxs boshqargan. Aynan u harbiy transportlar ortilgan poyezdni relsdan chiqarib yuborishni rejalashtirgan va buni 10 ming dollarga bajaradigan ijrochini qidirgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh a’zolariga turli yorliqlarni yopishtirganlik uchun 5 dollardan, kameralar o‘rnatganlik uchun esa 300-400 dollardan pul to‘lashgan. To‘lovlar kriptovaluta orqali amalga oshirilgan.

Mavzuga oid