O‘zbekiston | 09:26
1025
2 daqiqa o‘qiladi

Ekopartiya raisi Mo‘ynoqda elektorat vakillari bilan uchrashdi

28 sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Xamzayevning partiya elektorati vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda turli soha vakillari, jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi xodimlari, yoshlar va nuroniylar qatnashdi.

Uchrashuvda Abdushukur Xamzayev partiyaning saylovoldi dasturi yuzasidan to‘xtalib, undagi takliflar elektoratning xohish-istaklarini inobatga olgan holda ishlab chiqilganini ta’kidladi. Shuningdek, dasturda belgilangan maqsadlar orqali ekologik huquqlarni himoya qilish hamda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga e’tibor qaratilishi qayd etildi.

Partiya rahbari Orol fojiasidan xulosa chiqargan holda, qurg‘oqchil hududlarda ekologik muammolar tufayli paydo bo‘layotgan kasalliklarni aniqlash, ularni monitoring qilish va oldini olish choralarini ko‘rish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga chidamli yangi navlarni yaratishni rag‘batlantirish hamda bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish muhim vazifalar sifatida ko‘rsatildi.

Abdushukur Xamzayev partiyaning Orolbo‘yi hududidagi bioxilma-xillikni asrash, cho‘llanishning oldini olish va ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarini bayon qildi. Ushbu tashabbuslar xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘istonda so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ekologiyaga oid loyihalar xususida ham ma’lumot berildi. Partiya hudud iqlimini yaxshilash yo‘lidagi ishlarini yanada kuchaytirishga va’dalar berdi.

Tadbir yakunida partiya tashabbuslarini amalga oshirishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish va aholi bilan hamjihatlikda ish olib borish muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.

Mavzuga oid