O‘zbekiston | 19:38 / 03.10.2024
5090
6 daqiqa o‘qiladi

Humans Pay'da to‘lovlar va o‘tkazmalarni amalga oshirishda nosozliklar kuzatilmoqda

Ko‘plab foydalanuvchilar uchun kartadagi mablag‘dan muayyan xizmatlarga to‘lov qilish va boshqa kartaga pul o‘tkazish imkonsiz bo‘lib turibdi. Shuningdek, oxirgi oylarda ushbu ilova orqali bir qator holatlarda odamlarning pullari firibgarlar tomonidan o‘g‘irlangan.

Foto: Humans

Ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilar bir necha kundan beri Humans Pay faoliyatida nosozliklar kuzatilayotganini yozishyapti. Bu borada Kun.uz'ga ham bir nechta murojaatlar kelib tushdi.

“Bir haftadan beri Humans ilovasida kartalar ishlamayapti. Ko‘pchilik foydalanuvchilarning Visa kartasida pullari muzlab turibdi. Demoqchi bo‘lganim, kompaniya anchadan beri Visa karta bermay qo‘ydi. Avvallari Visa qo‘shib berishardi. Hozir O‘zbekiston bo‘yicha Visa yo‘q ekan. Virtual Visa ochib berishadi, shuni ishlatyapmiz. Kompaniya yo‘q bo‘lib, kartadagi pullarga kuyib qolmaymizmi? O‘zlariga murojaat qilsak, texnik ishlar amalga oshirilmoqda, ishlab ketadi deb 1 haftadan beri aytishyapti. Lekin amalda o‘zgarish yo‘q. Visa bilan keshbek kartada pul ko‘rsatyapti. Qolgan kartalarda esa yo‘q. To‘lov amalga oshirib bo‘lmayapti”, – deydi murojaatchilardan biri.

Boshqa bir murojaatchi esa Humans Visa kartalari 10 kundan beri muzlatib qo‘yilganini aytadi.

“Humans Visa kartalari 10 kundan beri muzlatilgan. Humans kompaniyasi bu bo‘yicha rasmiy xabar bermadi, muammoni bartaraf qilish bo‘yicha ham chora ko‘rmadi, muddatni xam oshkor qilmayapti. Shu bo‘yicha surishtirish qilib, ma’lumot berishingizni so‘rayman”, deya yozgan u.

Humans Pay'ga ulangan kartalardan pul o‘g‘irlangan

Kun.uz'ga murojaat qilgan jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, bir necha daqiqa ichida uning kartasida Humans ilovasi orqali umumiy 20 mln so‘m pul o‘g‘irlangan.

“Plastigimga pul tushirdim, biroz o‘tib "Sizning qurilmangizga begona odam kirdi" degan SMS keldi. Shundan keyin karta muvaffaqiyatli ulangani haqida xabar keldi. Bu orada 9 mln, 1 mln, 10 mln qilib, umumiy 20 mln so‘m pulimni yechib olishdi. Humans koll-markazi bilan bog‘langunimcha, pul tugadi. Menga 15:25 da pul tushdi, birdan ilovadan boshqa qurilma kirgani haqida menga SMS kelyapti. Bu orada men tomondan hech qanday harakat amalga oshirilgani yo‘q. Shundan so‘ng IIBga borib, ariza qoldirdim. Ular kiberxavfsizlik bo‘limiga arizamni jo‘natishini aytdi. Humans'ga ham telefon qildim, ular 7 kundan 14 kungacha bo‘lgan muddatda arizamni ko‘rib chiqishlarini aytdi. Belgilangan muddat o‘tgach, ularga yana telefon qildim, ammo mutaxassislari murojaatim hali ko‘rib chiqilmaganini aytdi. Mana, 2 oy bo‘ldi, Humans'dan hech qanday javob bo‘lgani yo‘q. IIBga telefon qilsam, ular ham Humans so‘ralgan ma’lumotlarni hali bermaganini aytishyapti”, deydi murojaatchi.

O‘zini Elyor deb tanishtirgan yana bir murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, uning plastigidan umumiy hisobda 10 mln 800 ming so‘m pul yechib olingan.

“21 avgust kuni soat 14:05 da Humans Pay'dan telefonimga tinmasdan SMSlar kela boshladi. Plastik kartamdan ikki marta pul yechildi, birinchi safar 4 mln, ikkinchi safar 6 mln 800 ming. Men bir oddiy qishloqdagi oiladanman, bu pullarni qanday ishlab topganimni tasavvur qilish qiyin. Humans'dagilarga telefon qilsam, plastigimdan pul yechilganini tasdiqlashdi, ammo buni ular amalga oshirmaganini aytishdi. Xalq bankidagilar ham e’tibor qilmadi, yordam ham bermadi. IIBga ariza berdim, javob kelmadi. Shunga o‘xshash holat qishlog‘imizdagi boshqa odam bilan ham kuzatildi”, deydi u.

Boshqa bir murojaatchining olgan kreditlari firibgarlar tomonidan o‘g‘irlangan.

“O‘z ehtiyojlarimga ishlatish uchun bankdan kredit olgandim. Olingan pulning bir qismini ishlatdim, 9 mln 430 ming so‘m mablag‘ qolgandi. Tungi 00:42 larda to‘xtovsiz Humans'dan smslar keldi va pulimni yechib olishdi. Koll markazga telefon qilsam, ertaga o‘z bankingizga borib kirim-chiqimni chiqarib oling va ichki ishlarga murojaat qiling deyishdi. Ikki oydan buyon pullarning keyingi taqdiri haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, deydi u.

To‘lov va o‘tkazmalarni amalga oshirish to‘xtatilgan

Kun.uz muxbiri Humans'ning mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan bog‘langanda navbatchi operator to‘lov va o‘tkazmalarni amalga oshirish vaqtinchalik to‘xtatilganini tasdiqladi. Ushbu amaliyotlar qachon tiklanishi bo‘yicha aniq muddat aytilmadi.

Operator mijozlarning kartasidan pul yechib olinish holati ko‘payganini va aynan bu Humans ilovasi bilan juda ko‘p sodir bo‘layotganini odamlarning o‘zi kelgan kodni firibgarlarga bergani bilan izohladi.

Markaziy bank axborot xizmatiga ko‘ra, ayni paytda Humas Pay'ga nisbatan regulyator tomonidan cheklov o‘rnatilmagan.

2 oktyabr kuni Markaziy bank UPay savdo belgisi bilan faoliyat ko‘rsatuvchi “Maroqand” to‘lov tashkiloti faoliyatini 6 oyga cheklaganini ma’lum qildi. Bunga to‘lov tashkilotining qimor o‘yinlari uchun to‘lovlar qabul qilinishining oldini olmagani sabab sifatida keltirilgan.

2022 yilda Upay'ning 100 foiz ulushi Humans tomonidan sotib olingan. Kompaniya yaqinda Humans Pay orqali yagona brend ostida faoliyat ko‘rsatish rejasini ham e’lon qilgandi.

Mavzuga oid