Jahon | 23:18 / 05.10.2024
7256
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda yoshlar o‘rtasida saratonga chalinish holatlari ortayotgani aytildi

Olimlarning taxminiga ko‘ra, to‘yib uxlamaslik, semirish va antibiotiklar saratonga chalinish holatlarining ortishiga olib kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Dunyoda 40 yoshgacha bo‘lgan insonlar orasida ko‘krak saratoni, yo‘g‘on ichak saratoni va uning boshqa turlaridan vafot etish holatlari ortib bormoqda. So‘nggi 10 yilda 25 dan 49 yoshgacha bo‘lgan insonlar orasida yo‘g‘on ichak saratoni darajasi 24 mamlakatda, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Avstraliya, Kanada, Norvegiya va Argentinada oshgan.

Sentyabr oyida Jyenevada bo‘lib o‘tgan Xalqaro saratonga qarshi kurash ittifoqi (UICC) kongressida xalqaro guruh tomonidan taqdim etilgan tadqiqotning ilk natijalari hayratlanarli bo‘ldi. Amerika onkologiya hamjamiyati (ACS) hamda JSSTning Saratonni tadqiq etish bo‘yicha xalqaro agentligi tadqiqotchilari saratonga chalinish holatlari oshishini aniqlash maqsadida dunyoning 50 ta mamlakatidan to‘plangan ma’lumotlarni o‘rgandi. Ushbu davlatlarning 14 tasida saratonga chalinish holati faqat yoshlarda oshgan bo‘lib, keksa insonlarda bu boradagi ko‘rsatkichlar barqarorligicha qolmoqda.

ACS’ning yangi hisobotiga ko‘ra, oxirgi 10 yilda ayollar o‘rtasida ko‘krak saratonidan vafot etish holati taxminan 10 foizga kamaygan bo‘lsa-da, ushbu kasalikka chalinish holati yiliga 1 foizga oshmoqda. Onkologiya mutaxassislarining ta’kidlashicha, oshqozonosti bezi saratoni ba’zan yoshlar orasida ham kuzatilmoqda — odatda ushbu kasallik 70 yoshlar atrofidagi insonlarda aniqlanadi.

Olimlarning qayd etishicha, saraton kasalligining yoshlar orasida ko‘payishiga semirish va metabolik sindrom sabab bo‘lyapti. Oxirgi tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, 18 dan 40 yoshgacha bo‘lgan insonlarda saratonning 18 tagacha turi ortiqcha vazn tufayli yuzaga kelmoqda.

Ammo semirish saratonning yagona sababi emas. Garvard universitetining patologiya va epidemiologiya bo‘yicha professori Shuji Oginoga ko‘ra, saratonga chalinish holatining ortishiga so‘nggi 50-100 yil davomida butun dunyoda uyqu rejimining sezilarli o‘zgargani ham sabab bo‘lishi mumkin. Tadqiqotlarda 1905 yildan 2008 yilga qadar bolalar va o‘smirlarning o‘rtacha uxlash davomiyligi bir kechada 60 daqiqaga qadar qisqargani aniqlangan. Shuningdek, Avstraliya, Xitoy, Yaponiya, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerikada smenali ishlash ham ortgan. 2021 yilda o‘tkazilgan tadqiqot yaxshi uxlamaslik va saratonga chalinish xavfi o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan.

Shuningdek, antibiotiklardan foydalanish ham saratonning paydo bo‘lishiga xizmat qilishi mumkinligi ustida o‘rganishlar olib borilmoqda. 2000 yilda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida antibiotik qabul qilish har 1000 kishiga 9,8 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib, ushbu ko‘rsatkich 14,3 nafarga yetgan.

Mavzuga oid