Jahon | 13:50 / 05.10.2024
1867
3 daqiqa o‘qiladi

Orban: Vengriya Xitoy tovarlariga Yevroittifoq bojlari oshirilishiga qarshi

Vengriya bosh vaziri Bryusselni Pekinga qarshi «iqtisodiy sovuq urush» olib borayotganlikda aybladi va uning mamlakati «har ikki tomon bilan» savdoni davom ettirishni xohlashini aytdi.

Foto: Omar Havana / Getty Images

Yevropa Ittifoqiga a’zo aksariyat davlatlar Xitoy tovarlariga oshirilgan bojlar joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq Vengriya bu qadamga qarshi. Bu haqda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 4 oktyabr, juma kuni ertalab Kossuth Vengriya davlat radiostansiyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Iqtisodiy nuqtayi nazardan, Yevropa Ittifoqi Xitoy bilan «sovuq urush» boshlashga intilmoqda, dedi Orban. «Biroq, agar dunyo ikki blokka bo‘lingan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan tovarlarni jahon bozorida sotish qiyin bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya «har ikki tomon bilan ham (Yevropa bozorida ham, Xitoy bilan ham» savdo-sotiqni davom ettirish niyatida. «Narxlarning shiftini joriy qilish kabi chora barqaror bo‘lmaydi va faqat favqulodda vaziyatlarda, qisqa vaqt ichida qo‘llanishi mumkin», dedi u.

Biroq, Budapesht Yevropa Ittifoqida munozarali tarzda qabul qilinayotgan «iqtisodiy betaraflik» strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda davom eta oladimi yoki yo‘qmi, aniq emas, dedi Orban.

Vengriya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, uning hukumati kelgusi ikki-uch yil ichida o‘rtacha oylik ish haqi 1 million forint (2490 yevro)ga erishish maqsadi bilan iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqchi. Vengriyada hozirgi kunda o‘rtacha oylik ish haqi 1495 yevroni tashkil qiladi.

Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan mojaro haqida gapirar ekan, Viktor Orban shunday dedi: «Tashqi siyosatga e’tibor qaratish tabiiy vasvasasi bor, lekin biz bunga ko‘nmasligimiz kerak, diqqatimizni ichki ishlar va iqtisodiyotga qaratishimiz lozim». Yevropa Ittifoqining Xitoy bilan olib borayotgan «iqtisodiy sovuq urushi» Budapeshtning bu maqsadlarga erishishiga to‘sqinlik qilmasligi shart, deya qo‘shimcha qildi u.

YeK: Xitoy elektromobillariga bojlarni oshirish yo‘li ochildi

4 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan o‘ntasi Xitoydan elektromobillar uchun bojxona to‘lovlarini oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz berdi, deb xabar beradi Yevrokomissiya (YeK) matbuot xizmati. Yevropa Ittifoqining beshta davlati bu qarorga qarshi chiqdi, 12 davlat esa betaraf qoldi.

Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi organi bo‘lgan YeK bayonotiga ko‘ra, olingan ovozlar bojlarni oshirish uchun yetarli, ammo Pekin bilan bu mavzu bo‘yicha muzokaralar davom etadi. Ayni paytda Xitoy tomoni ovoz berish natijalarini keskin tanqid qildi.

Mavzuga oid