Jahon | 15:57 / 07.10.2024
8289
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

Amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkan mikroRNKni kashf qilgani uchun bu yilgi mukofot bilan taqdirlandi.

Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 2024 yilgi Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkanga berildi.

Olimlar “mikroRNKni kashf qilgani va genlar ekspressiyasining transkripsiyadan keyingi boshqaruvida ularning rolini o‘rgangani uchun” Nobel bilan taqdirlandi.

Ambros va Ravkan ishlarining katta qismi molekulyar biologiya va genetikaga bag‘ishlangan. Ular 1993 yilda mikroRNKni kashf etgan. Ularning tadqiqotlari natijalari klonlash va sekvenirlash rivojlanishiga turtki bo‘ldi, deyiladi Nobel mukofoti saytida.

MikroRNK — ribonuklein kislotasining qisqa molekulalaridan iborat alohida sinf bo‘lib, boshqa molekulalar qatori ko‘plab genlarning faolligini belgilaydi. Ko‘p hollarda organizmning u yoki bu hujayralarida ma’lum bir genning faollashishi aynan mikroRNKga bog‘liq bo‘ladi.

2023 yilda tibbiyot sohasida Nobel mukofoti Katalin Kariko va Dryu Vaysmanga “COVID-19 ga qarshi samarali mRNK-vaksinalarni ishlab chiqishga imkon bergan nuklein kislotalar asoslarini modifikatsiya qilish sohasidagi kashfiyotlari” uchun topshirilgandi.

Fiziologiya va tibbiyot sohasidagi mukofot sovrindorlarining e’lon qilinishi Nobel haftaligiga start berdi. 8 oktyabrda fizika, 9 oktyabrda kimyo, 10 oktyabrda esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblarining nomlari ma’lum bo‘ladi.

11 oktyabr kuni Osloda tinchlik mukofoti sovrindori e’lon qilinadi, 14 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha mukofot g‘olibi aniqlanadi.

Nobel mukofotining har bir kategoriyasi uchun 11 million shved kronasi tadqim etiladi. Bu bir million dollardan biroz ko‘proq.