Jahon | 23:36 / 11.10.2024
588
2 daqiqa o‘qiladi

O‘rmon yong‘inlari Peru ekotizimi va yovvoyi tabiatini yakson qilmoqda

Peruda yuz berayotgan yong‘inlar Amazonka sohilidagi hududlarda yashovchi yovvoyi hayvonlarga ulkan talafot yetkazmoqda.

Foto: Reuters

Peruda yuz berayotgan o‘rmon yong‘inlari tufayli mamlakat ekotizimi jiddiy inqirozga duch keldi — yaguar va ayiqlarga xavf ostida qolmoqda.

Qayd etilishicha, Peruda yuz berayotgan yong‘inlar Amazonka sohilidagi hududlarda yashovchi yovvoyi hayvonlarga ulkan talafot yetkazmoqda. Yong‘indan qo‘rqqan ayiqlar o‘rmonlardan qochib chiqib, shaharlar atrofida istiqomat qiluvchi insonlar bilan to‘qnashuvlarga boryapti. Amazonkaning janubiy qismidagi vaziyat esa yaguarlar uchun halokatli keldi — ularning aksariyati chekinishiga joy topa olmay, kuyib ketmoqda. Suvlarni tutib qolishda muhim ahamiyat kasb etadigan yaylovlar kulga aylangan, bu esa dahshatli ekologik oqibatlardan darak beradi.

Ko‘plab ekologik va inson omillari tufayli yuzaga kelgan inqiroz mahalliy hukumatga bo‘lgan noroziliklarni keltirib chiqargan. Ekolog va ekspertlar ta’lim darajasini oshirish, o‘rmonlarni kesganlik uchun qat’iy choralar ko‘rish va o‘sib borayotgan ushbu ekologik xavfni yumshatish uchun jamoatchilikni jalb etishga chaqirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Peruda 10,4 mingdan ortiq yong‘in qayd etilgan bo‘lib, alanga 2020 yilda o‘rnatilgan rekorddan 2,5 barobar ko‘proq maydonni egallagan. Boliviya, Braziliya, Argentina va Paragvay kabi qo‘shni davlatlarda ham shu kabi o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda.

«El-Ninodan keyin yog‘ingarchilikning qisqarishi va haroratning ko‘tarilishi yong‘in yuzaga kelish xavfini kuchaytirdi. Yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun tayyorlash yo‘lidagi inson faoliyati esa yong‘inlar ko‘lamini oshirdi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Braziliyadagi qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari butun dunyoda qahva narxining oshishiga olib kelayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid