O‘zbekiston | 17:00
4115
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “qizil oltin” yetishtirishning yangi bosqichi amalga oshirildi

8 oktyabr kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanida BMB HOLDING tomonidan tashkil etilgan “BMB Za’faron” quritish va qayta ishlash korxonasi ochildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan za’faron sanoatida Jizzax viloyati o‘zining za’faron plantatsiyalari bilan yetakchilik qilmoqda. Ayniqsa, BMB HOLDING kompaniyasi tashabbusi bilan yaratilgan BMB Za’faron brendi nafaqat ichki bozor, balki xalqaro miqyosda ham o‘z o‘rnini egalladi. Bugungi kunda mazkur brend ostida 20 ga yaqin za’faronli mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Shu yilning 8 oktyabr kuni Baxmal tumanida BMB HOLDING tomonidan tashkil etilgan “BMB Za’faron” quritish va qayta ishlash korxonasi tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning aprel oyida Prezidentimizning korxonamizga tashrifi, bildirgan iliq fikrlari, qo‘llab-quvvatlovi milliy za’faronchilikni rivojlantirishdagi sa’y-harakatlarimizga katta kuch-g‘ayrat ulashdi, ulkan maqsadlar sari undadi, - dedi BMB HOLDING Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulov.

Ochilish marosimida ishtirok etgan Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi Agostino Pinna za’faron yetkazib berish ikki davlat munosabatlarini yanada mustahkamlayotgani haqida gapirdi:

“Loyiha kengaymoqda, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, bu loyiha muvaffaqiyatining muhim qismi. Loyihaning yanada rivojlanishi uchun barcha sharoitlar mavjud ekaniga ishonaman. Chunki ikki yildan buyon loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus Italiyada shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida ko‘tarilgandi. O‘tgan yili Italiya prezidenti Serjio Mattarella O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.

Bu eng muvaffaqiyatli va omadli iqtisodiy loyihalardan biri deb topilgan. Ushbu tendensiya yaqin yillarda ham davom etishiga umid qilamiz.

Biz Bekzod Mamatqulov bilan ushbu loyihani boshlaganimizda, uni amalga oshirish qiyin va hatto imkonsizdek tuyulgandi. Ammo katta va samarali mehnat qildik va natijalar aniq ko‘rinib turibdi! Laboratoriyalar qurildi, ish o‘rinlari yaratildi va bu hali boshlanishi. Kelgusida yanada ko‘proq ishlar amalga oshiriladi”, dedi elchi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 120 mln yevroni tashkil etadi:

- 70 mln yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar;

- 37 mln yevro o‘z mablag‘lari;

- 13 mln yevro kredit mablag‘lari.

O‘tgan davr mobaynida mazkur loyiha doirasida 60,8 mln yevro investitsiyalar o‘zlashtirilib, qariyb 120 ta doimiy va 25 ming nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.

Jizzax viloyatidagi za’faron plantatsiyalari nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Hududda yangi infratuzilma, yo‘llar, elektr tarmoqlari va yoritish tizimlari o‘rnatildi. Bugungi kunga kelib, za’faron plantatsiyalari 700 gektarni tashkil etmoqda va kelajakda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilmoqda.

Za’faron – dunyodagi eng qimmat va noyob ziravorlardan biri bo‘lib, qadim zamonlardan beri “qizil oltin” deya e’tirof etiladi. Ushbu o‘simlikning nozik ipak tolali gulbarglari nafaqat taomlarga rang va mazmun qo‘shadi, balki tibbiyot va kosmetika sohalarida ham qimmatli hisoblanadi. Za’faron o‘zining murakkab yetishtirish jarayoni va ko‘plab foydali xususiyatlari tufayli dunyo bo‘ylab katta talabga ega.

O‘zbekistonda yetishtirilgan za’faron xalqaro sifat standartlariga to‘liq javob beradi. Italiya, Fransiya va Koreya kabi mamlakatlarning yetakchi laboratoriyalarida o‘tkazilgan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, za’faronning rang, hid va ta’m ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori – I kategoriya sifat darajasiga ega bo‘ldi. Bunda nafaqat sifat, balki mahsulotning ekologik tozaligiga ham katta e’tibor qaratildi.

Mahsulot eksporti:

- 2021 yil - 1,2 mln yevro;

- 2022 yil - 2,7 mln yevro;

- 2023 yil - 4,5 mln yevroni tashkil etib;

- 2024 yilda 12 mln yevroga yetkazish rejalashtirilgan.

Za’faron yetishtirish jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, Polsha mutaxassislari bilan hamkorlikda gidrogel texnologiyasi sinov tariqasida qo‘llana boshlandi. Bu texnologiya za’faron o‘simliklarining suv talabini 40-45% ga kamaytirishga yordam beradi va bu kelajakda qishloq xo‘jaligida katta iqtisodiy samaradorlikka erishishga imkon beradi.

Reklama huquqi asosida