O‘zbekiston | 09:10
2713
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uchun xorijda 154 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud 

Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Litva, Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya, Yaponiya, Ruminiya kabi davlatlarda tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, yuk avtomobil haydovchisi, payvandlash, elektrik, IT kabi sohalar bo‘yicha 154 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan. 

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norovga ko‘ra, Germaniyaning 25 ta ish beruvchi tashkiloti bilan 60 mingga yaqin fuqaroni tibbiyot, haydovchilik, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri va Ausbildung (dual ta’lim) asosida ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ularga o‘rtacha 2100 AQSh dollari ish haqi taklif qilinmoqda.

Britaniyada tibbiyot yo‘nalishida 10 ming va mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga 3 ming ish o‘rniga talabnoma olingan. Ish haqi 2500 AQSh dollari.

Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya va Yevropaning boshqa davlatlariga 26 mingdan ortiq fuqaroni yuk avtomobili haydovchisi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga ishga yuborish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga o‘rtacha 1400 AQSh dollari ish haqi taklif qilinmoqda.

Bu yil ilk marotaba Janubiy Koreyaga ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, kemasozlik, tog‘-konchilik va o‘rmonchilik sohasiga 13 700 ish o‘riniga kvota olindi. Oylik ish haqi o‘rtacha 2000 AQSh dollari. Bu 2022 yilga nisbatan 6 baravar, 2023 yilga nisbatan 1,5 baravarga ko‘p.

Ortiqxo‘ja Norovning bildirishicha, ushbu bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha xorijiy tillarni biladigan hamda malakaga ega nomzodlar o‘zlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki mahalladagi hokim yordamchilari orqali murojaat qilishi mumkin.

Mavzuga oid