Jamiyat | 08:10 / 17.10.2024
9287
2 daqiqa o‘qiladi

IIBB internetdagi firibgarlikning yangi ko‘rinishidan ogohlantirdi

Firibgarlar tomonidan Telegram orqali yuqori lavozimlarda ishlovchi vazirlik, idora va turli xil tashkilot rahbar hamda mas’ul xodimlari nomidan soxta profillar yaratilib, qo‘l ostidagi xodimlarni aldash holatlari kuzatilmoqda. 

Foto: Kommersant’

Firibgarlar korxona yoki tashkilot rahbari nomidan Telegram’da soxta akkaunt ochib, qo‘l ostidagi ishchilardan biriga SMS yozadi. Muloqot davomida xodim bilan go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiziqayotgani va undan (rahbardan) ba’zi ma’lumotlarni so‘rashganini aytadi. Bir ozdan so‘ng unga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi aloqaga chiqishini ma’lum qiladi. 

Firibgarning, ya’ni “o‘z rahbarining” gaplariga ishongan xodim bir necha daqiqadan so‘ng u bilan aloqaga chiqqan shaxsga (go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili) so‘ragan barcha ma’lumotlarini berib yuboradi. 

Xabarga ko‘ra, buning oqibatida ishchi-xizmatchilar plastik kartalaridagi mablag‘laridan ayrilib qolmoqda. 

“Ogoh bo‘ling, shu turdagi kelgan SMS yoki boshqa xabarlarni qabul qilish va ishonishdan oldin telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib yoki shaxsan xabar yuborgan shaxsga aloqaga chiqib xabarni qayta tekshirib ko‘ring! Hurmatli fuqarolar, agar siz shu kabi holatlarga duch kelgan bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-55-00 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid