Jamiyat | 12:58 / 17.10.2024
2966
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 1-sinf o‘quvchisi igna sanchish bilan jazolanayotgani aytilmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo tumanining 27-maktabida o‘quvchi qizga o‘qituvchisi igna sanchib, hojatxonaga chiqarmasdan ruhiy tazyiq o‘tkazgan. Bu haqda Andijonda yashovchi shaxs Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan. Viloyat IIBga ko‘ra, sinfning qolgan o‘quvchilari bunday vaziyat bo‘lganini rad etgan, holat tasdig‘ini topmagan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bolalar ombudsmanining xabariga ko‘ra, shu yilning 14 oktabr kuni Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi fuqaro IIBga murojaat qilib, Sirdaryo tumanidagi 27 maktabda tahsil oluvchi 1-sinf qizi o‘qituvchisi tomonidan nomaqbul tarzda jazolanayotganini bildirgan.

Erkak qizaloqning qo‘liga igna sanchilib, hojatxonaga chiqarmasdan ruhiy tazyiq o‘tkazilganini aytgan.

Qayd etilishicha, hozirda tuman IIB tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Jarohat darajasini aniqlash uchun qizga nisbatan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.

Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIBning izoh berishicha, tergovgacha tekshiruv harakatlari olib borilgan. Surishtiruvda ushbu sinfning 28 nafar o‘quvchisi hamda ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazilgan. O‘quvchilar ustozi tomonidan hech qanday qo‘pollik qilinmagani, qizaloqning qo‘liga igna sanchilmaganini bildirishgan, holat o‘z tasdig‘ini topmagan. Ota-onalar tomonidan esa o‘qituvchi ijobiy tavsiflangan.

"Hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda. Voyaga yetmagan G‘.O. ning tan jarohati yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan",– deyiladi munosabatda.

Avvalroq Bolalar ombudsmani ta’limdagi tartib-qoidalardan chetga chiqib, o‘quvchilarga nisbatan turli jazolash usullarini qo‘llash hamda bolani ommaviy izza qilish uning sha’ni va qadr-qimmatini poymol etishini, bu bolaning konstitutsiyaviy huquqlarini buzish bilan tengligini aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil iyulda vazir buyrug‘i bilan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari” tasdiqlangan.

Hujjatga ko‘ra, o‘qituvchilar jamoa a’zolari va boshqalarning shaxsiyati, qadr-qimmati kamsitilishi, o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlaridan asossiz chiqarib yuborish yoki kiritmasligi hamda chiqish qo‘ng‘irog‘i chalingandan keyin o‘quvchilarni sinfxonada ushlab o‘tirishi ham mumkin emas.

O‘quvchilar ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzgan taqdirda ularning qog‘oz yoki elektron kundaligiga tanbeh yozishi, qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda esa o‘quvchini maktab ichki nazorat ro‘yxatiga olish va yakka tartibda shug‘ullanish, bu ham foyda bermasa, qoida buzgan o‘quvchini boshqa sinfga o‘tkazish, sinf jamoasi orasida muhokama qilish, ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ni maktabga taklif qilish belgilangan.

Mavzuga oid