Jahon | 19:41 / 18.10.2024
2777
3 daqiqa o‘qiladi

Makron yana bir bor Isroilni Livandagi harakatlarini to‘xtatishga chaqirdi

Oktyabr oyi davomida Emmanuel Makron ikki marotaba xalqaro hamjamiyatni Isroilga qarshi qurol embargosiga chaqirdi. Fransiya yetakchisining chaqiriqlari Ispaniya va Italiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Foto: Getty Images

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yana bir bor Isroilni Livandagi tajovuzini to‘xtatishga, qo‘shni mamlakat suverenitetini hurmat qilishga va harbiy harakatlarni Livan ichiga qadar kengaytirmaslikka chaqirdi.

Makronning aytishicha, Fransiya hukumati «Isroil, uning xavfsizligi va mavjudligi bilan birga», ammo bu yahudiylar davlati bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan «kelishmovchilik» bo‘lishi mumkin emasligini anglatmaydi.

Oktyabr oyi davomida fransuz yetakchisi ikki marotaba xalqaro hamjamiyatni Isroilga qarshi qurol embargosiga chaqirdi. Makronning chaqiriqlari Ispaniya va Italiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Kuni kecha Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni o‘z mamlakati Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridan farqli o‘laroq, Isroilga qurol yetkazib berishga to‘liq embargo joriy etganini ma’lum qildi: «Isroil harbiylari G‘azoda harbiy operatsiyalarni boshlaganidan keyin hukumat zudlik bilan 7 oktyabrdan keyin imzolangan barcha yangi eksport litsenziyalari va bitimlarni to‘xtatib qo‘ydi».

«Biz barchasini bloklab qo‘ydik», — deydi Italiya yetakchisi. Shuningdek, u o‘z hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralar sheriklari Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyaga nisbatan «ancha qattiq» ekanini bildirgan.

Fransiya hukumati G‘azodagi genotsidga aloqadorligi uchun ayblanishi mumkin

Fransiyaning EuroPalestine nohukumat tashkiloti prezident Emmanuel Makron, sobiq bosh vazir Gabriel Attal va sobiq tashqi ishlar vaziri Stefana Serujni ustidan Xalqaro jinoiy sudga shikoyat kiritdi. Tashkilot ularni Isroil tomonidan amalga oshirilgan «harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsid jinoyatlari»da ayblamoqda.

EuroPalestine’ning qayd etishicha, fransuz amaldorlari Isroil hukumatiga 2023 yil oktyabrdan beri harbiy, diplomatik va iqtisodiy frontlarda yordam berish orqali yuqoridagi jinoyatlarda sherikka aylangan.

14 oktyabr kuni tashkilot o‘z da’volarini tasdiqlovchi 27 varaqli ish hujjatlarini Haagadagi prokurorga taqdim etgan.

Mavzuga oid