Jahon | 14:21 / 20.10.2024
18800
11 daqiqa o‘qiladi

AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori

1978 yil bahorda SSSRning BMTdagi vakili, tashkilot bosh kotibining o‘rinbosari bo‘lgan shaxs Moskvaga qaytishni xohlamaydi va Amerikada qoladi. Bu sovetlar tarixida yuqori lavozimli davlat mulozimining ilk marta dushman davlat tomoniga qochib o‘tishi edi.

Foto: Getty Images

1975 yilda sovet tashqi razvedka idorasining Nyu York bo‘limiga general mayor Yuriy Drozdov rahbar etib tayinlanadi. Bungacha u «madaniy inqilob»dan so‘ng SSSR bilan munosabatlarni sovitgan Xitoyda ishlagandi.

Drozdov Nyu Yorkka yetib borganidan so‘ng tashqi razvedka xizmati, KGB xodimlari va BMTdagi sovet vakillarining amerikaliklar bilan apoq-chapoq bo‘lib yurganiga guvoh bo‘ladi.

Shundan so‘ng general shubhali xatti-harakatlar qilayotgan xodimlarning ro‘yxatini tuzadi va ularni doimiy kuzatuv ostiga oladi.

Drozdovning o‘ylashicha, amerikaliklar bilan «do‘stona» munosabatda bo‘layotgan josuslar yoki elchixona vakillari xoinlik qilayotgan bo‘lishi mumkin edi.

O‘shanda general adashmagandi. SSSRning BMTdagi vakili, tashkilot bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Arkadiy Shevchenko anchadan buyon Amerika xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilib kelayotgandi.

Foto: dzen.ru

Amal pillapoyalaridan tez ko‘tarilgan diplomat

Arkadiy Shevchenko 1930 yilda Donetsk oblastining Gorlivka shahrida tug‘iladi. Keyinroq uning oilasi Qrimdagi Yevpatoriya shahriga ko‘chib o‘tadi.

U 1949 yilda Moskva davlat xalqaro aloqalar institutiga o‘qishga kiradi va 1954 yilda qizil diplom bilan bitiradi.

So‘ng aspiranturada tahsil oladi va dissertatsiyani muvaffaqiyatli yoqlaydi. Shu tariqa u yuridik fanlari nomzodiga aylanadi. Ko‘p o‘tmay 25 yoshli Arkadiy SSSR tashqi ishlar vazirligiga ishga o‘tadi.

Oddiy bir yigitning birdaniga tashqi ishlar vazirligiga ishga kirishi tasodif emasdi. Gap shundaki, Arkadiy institutda o‘sha paytda SSSR tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Andrey Gromikoning o‘g‘li Anatoliy bilan tanishib, do‘stlashgan edi.

Anatoliy o‘zidan ikki yosh katta bo‘lgan iqtidorli talabani bir necha marta uyiga olib borgan va Arkadiy Andrey Gromiko bilan shu taxlitda tanishgan edi.

Shevchenko aspiranturani bitirgach, Andrey Gromiko uni yoniga chaqirib oladi va TIVning xalqaro tashkilotlar bilan ishlash bo‘limiga ishga joylab qo‘yadi.

Keyinchalik Arkadiyning xotini Andrey Gromikoning xotini bilan do‘stlashadi va ikki oila o‘rtasidagi rishtalar yanada chuqurlashadi.

Andrey Gromiko AQSh prezidenti Jon Kennedi bilan
livejournal.com

Arkadiy 15 yilga yaqin TIVda turli lavozimlarda mehnat qiladi va Gromikoning ishonchini oqlaydi. Shu sababli Gromiko uni 1970 yilda tashqi ishlar vazirining shaxsiy maslahatchisi lavozimiga tayinlaydi.

1970 yilda shaxsan Andrey Gromikoning tavsiyasi bilan Arkadiy Shevchenko SSSRning BMTdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlanadi.

Arkadiy Nyu Yorkka yetib borgach uni BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlashadi.

Keyinchalik, Shevchenkoning o‘g‘li otasining juda yuqori lavozimga tayinlanishiga onasining Andrey Gromikoning xotiniga bergan qimmatbaho sovg‘asi sabab bo‘lganini aytgan.

Gap shundaki, Arkadiyning xotini Leongina Gromikoning xotiniga bir paytlar urushdan so‘ng ota-onasi Avstriyadan olib kelgan 56 ta brilliant bilan bezatilgan taqinchoqni sovg‘a qilgan. Xursand bo‘lgan ayol eriga aytib Arkadiyni Nyu Yorkdagi obro‘li ishga jo‘nattirgan.

Andrey Gromiko (chapda) va Arkadiy Shevchenko (o‘ngda) BMT bosh kotibi K. Valdxaym bilan birga
Foto: Peoples.ru

Sotqinlik va qochish

Arkadiy Shevchenko Nyu Yorkka yetib borgach bir muddat tinch ishlaydi. Xalqaro tashkilotda muhim lavozim egasi bo‘lgani uchun ham amerikalik hamkasblari bilan do‘stona aloqada bo‘ladi.

1975 yilda KGB generali, tashqi razvedka xizmati xodimi Yuriy Drozdov BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohiga ishga yuboriladi.

Bu shaxs SSSRning BMTdagi vakili niqobi ostida sovetlarning Amerikadagi josuslik tarmog‘i rahbari etib ham tayinlangandi.

Drozdov Nyu Yorkka borgach KGB, tashqi razvedka xizmati, elchixona va xalqaro tashkilotlarda ishlovchi xodimlarni amerikaliklar bilan «apoq-chapoq» bo‘lib yurishda ayblaydi.

So‘ng o‘zini shubhalantirgan xodimlar ortidan doimiy kuzatuvni yo‘lga qo‘yadi. Uning bu ishi boshqalar qatori Arkadiy Shevchenkoga ham yoqmaydi. Shundan so‘ng u Amerikadan siyosiy boshpana so‘rashga qaror qiladi.

Ba’zi manbalar, u Drozdov Nyu-Yorkka borguncha Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilgani va amerikaliklarga ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni bergani haqida ham yozgan.

Yuriy Drozdov
Foto: nnm.ru

Jumladan, KGB foydasiga josuslik qilgan MRB xodimi Oldrich Eyms Arkadiy Shevchenko amerikaliklar bilan hamkorlikni 1970-yillar boshlarida, SSSR TIVda ishlab yurgan paytlarida boshlaganini aytgan.

1975 yilda Arkadiy Amerikaning BMTdagi elchisi Daniel Moynihenga AQShdan siyosiy boshpana so‘rashga qaror qilgani haqida ma’lum qiladi.

Moynihen uning bu qarori haqida Vashingtonga xabar beradi. Shundan so‘ng Arkadiy AQSh davlat departamenti xodimlari bilan yashirincha uchrashadi.

Uchrashuvda qatnashgan MRB xodimlari Arkadiyga hozircha BMTda ishlab turaverishni va maxfiy ma’lumotlar berishda davom etishini, mabodo xavf tug‘ilsa uni himoya qilishlarini aytishadi. Sovet elchisi rozi bo‘ladi.

Arkadiy amerikaliklar bilan hamkorlik qilar ekan, uning xatti-harakatlaridan shubhalangan general Drozdov bu haqda Moskvaga xabar beradi.

Biroq KGBdagilarda Arkadiyning sotqinligi haqida aniq dalillar yo‘q edi. Keyinchalik, 2003 yilda Rossiya telekanallaridan biriga bergan intervyusida Drozdovning o‘zi ham Arkadiydan shubhalanganini, biroq aniq dalillarga ega bo‘lmaganini aytgan.

1977 yilda Arkadiy SSSRga ta’tilga keladi va o‘zini kuzatishayotganini payqab qoladi. Ta’til tugagach u Nyu Yorkka qaytadi va o‘zini Amerikada ham kuzatib yurishganini sezadi.

1978 yil aprel oyida SSSRning BMT va uning xavfsizlik kengashidagi doimiy vakili Oleg Troyanovskiy Arkadiyga SSSRga qaytishini, Moskva BMTga boshqa elchi yuborishini ma’lum qiladi.

Foto: Getty Images

Arkadiy undan chala qolgan ishlarini bitirish uchun ma’lum muddat Nyu Yorkda qolish uchun ruxsat so‘raydi, biroq Troyanovskiy bunga ko‘nmaydi. Shundan so‘ng u yashirincha qochishga qaror qiladi.

Qochishdan oldin Arkadiy xotiniga ikki enlik xat yozib yashirincha jo‘natadi. Xatda u xotiniga vaziyat haqida yozgan va uni yoniga chaqirgan qo‘ng‘iroq qilishini kutishini aytgandi.

Xatda yozilgan vaqtda u Moskvaga qo‘ng‘iroq qiladi. Shunda telefonga xotini emas, KGB xodimi javob beradi. Shunda Arkadiy xotini u yozgan xatni KGBga topshirganini tushunadi.

Arkadiy Shevchenkoning Amerika tomoniga qochib o‘tgani aniq bo‘lgach, darhol uning Jyenevadagi BMT qurolsizlanish komissiyasi a’zosi bo‘lgan o‘g‘li Gennadiy KGB xodimi Viktor Suvorov tomonidan Moskvaga olib kelinadi.

Qizig‘i shundaki, Viktor Suvorov Arkadiyning o‘g‘lini Moskvaga olib kelgandan bir yarim oydan o‘tib oilasi bilan Britaniyaga qochib ketadi.

Moskvada KGB Gennadiy Shevchenkoni ancha payt hibsda saqlab, tergov qiladi. Biroq u otasining Amerika tomoniga o‘tib ketishidan bexabar bo‘lganini aytadi.

Shundan so‘ng Gennadiyni SSSR TIVdagi vazifasidan ozod qilishadi. KGB majburlab uning familiyasini Shevchenkodan Smirnovga o‘zgartiradi. U haqiqiy familiyasini 1990 yilga kelib qaytarib oladi va SSSR parchalanib ketguncha turli kichik vazifalarda ishlab yuradi.

Arkadiy Shevchenko o‘g‘li Gennadiy bilan
Foto: Pinterest

Arkadiy Amerika tomonga qochib o‘tgandan bir oy o‘tib 1978 yil 6 may kuni uning xotini Leongina Shevchenko bedarak yo‘qoladi.

Militsiya ayolni qidira boshlaydi. 8 may kuni Shevchenkolarning kenja farzandi Anna uydan qo‘lansa hid chiqayotganini sezib qoladi va militsiya chaqiradi. Chaqiruv bo‘yicha kelgan uchastka noziri xonadonga kirib xonada naftalin hidi borligini aytib chiqib ketadi.

Shundan so‘ng Gennadiy Shevchenko qo‘lansa hid chiqayotgan joyni qidirayotib uydagi shkafni ochadi va mo‘ynali palto orasida osilib turgan onasining jasadiga ko‘zi tushadi.

Arkadiy Shevchenko xotinining vafotidan 11 may kuni xabar topadi va Leonginaning o‘limida KGBning qo‘li borligini aytib chiqadi.

U keyinchalik, o‘z kitobida xotini yuqori lavozimli davlat mulozimining ko‘p sirlarini bilganini, shu sababli uni o‘ldirishganini yozgan.

Amerikadagi hayot

Arkadiy Shevchenko KGB yoki tashqi razvedka xizmati xodimi emasdi. U Amerikada BTMdagi mas’ul shaxs niqobi ostida josuslik qilmagan, faqat xalqaro tashkilotda faoliyat olib borgandi.

Shechenko AQSh fuqaroligini qabul qilayotgan payt
Foto: alamy.com

Shu sababli sovetlar uni yo‘q qilish uchun ta’qib qilishmaydi. Shu sababli Arkadiy AQShda erkin yashaydi va asosan institutlarda SSSR bo‘yicha tahlilchi vazifasida ishlaydi.

Keyinchalik, uning o‘g‘li Gennadiy amerikaliklar otasiga har oy 7 ming dollar to‘lanadigan umrbodlik nafaqa tayinlashganini aytgan.

1985 yilda Arkadiy Shevchenko AQShda «Moskvadan ayrilish» nomli kitobini chop ettiradi. Kitob Amerikada bessellerga aylanadi va ko‘plab tillarga tarjima qilinadi. Muallif kitobning barcha nashrlari uchun million dollar gonorar oladi.

Arkadiy Shevchenko AQShda yaqinlari davrasida
Foto: lyudi.ru

Shevchenko SSSR tarqab ketguncha Moskvada yashayotgan qizi bilan uchrashishga harakat qiladi. Biroq buning imkoniyati bo‘lmaydi. Sovet ittifoqi parchalanib ketgandan so‘ng 1992 yilda o‘g‘li Gennadiy va qizi uning oldiga borishadi.

Arkadiy Shevchenko 1998 yilda jigar sirrozi kasalligi tufayli vafot etadi. O‘shanda u 68 yoshda bo‘lgan. Arkadiy Shevchenko SSSRdan AQShga qochgan birinchi yuqori lavozimli amaldor sifatida tarixda qolgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid