Jahon | 09:30 / 21.10.2024
6069
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliya prezidenti BRICS sammitiga parvozini bekor qildi

Braziliya yetakchisining idorasiga ko‘ra, Lula da Silvaga tibbiy sabablarga ko‘ra uzoq masofalarga parvozlardan voz kechish tavsiya etilgan.

Foto: Ton Molina/Global Look Press

Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 22-24 oktyabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etish uchun Rossiyaga parvozini bekor qildi. Bu haqda 20 oktyabr, yakshanba kuni 78 yoshli davlat rahbari idorasiga tayanib, Reuters xabar berdi.

Braziliyadagi Cirio Libanes kasalxonasi tomonidan e’lon qilingan tibbiy hisobotga ko‘ra, siyosatchiga «uzoq masofalarga havo qatnovidan qochish tavsiya etilgan, ammo boshqa yo‘l bilan o‘zining oddiy vazifalarini bajarishga qodir».

Tibbiy xulosada aytilishicha, prezident boshining «oksipital qismi» jarohat olgan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, u uyida tasodifan jarohatlangan.

Video-konferensiya orqali ishtirok etadi

Braziliya rahbari 20 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 17.00 da (Moskva vaqti bilan 23.00) Rossiya Federatsiyasiga uchishi kerak edi. Endi u video-konferensiya orqali forumda ishtirok etadi, deya aniqlik kiritmoqda Reuters.

Braziliya, xuddi Xitoy kabi, Ukraina uchun o‘zining tinchlik tashabbusi bilan chiqdi.

BRICS mamlakatlari rahbarlari Putinni yana tug‘ilgan kuni bilan tabriklamadi

Ketma-ket ikkinchi yil BRICS'ga a’zo davlatlar rahbarlaridan hech biri Vladimir Putinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklamadi. Bundan tashqari, bu yil Rossiya prezidentiga 2022 yil fevralida Ukrainada urush boshlanganidan beri xorijiy davlat rahbarlaridan eng kam tabriklar keldi. "Agenstvo" nashri 7 oktyabr kuni Kreml matbuot xizmatining tegishli xabarlarini tahlil qilib, dunyo yetakchilaridan faqat Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Putinga qo‘ng‘iroq qilgani, qolganlari telegrammalar bilan cheklangani to‘g‘risida xabar berdi.

Natijada Putinni 72 yoshga to‘lishi bilan sakkiz nafar xorijiy davlat rahbarlari: Nikaragua prezidenti Daniel Ortega, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti Faustin-Archange Tuadera, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Bahrayn qiroli shayx Hamad bin Iso Al Xalifa tabrikladi.

Bundan bir yil avval Putinni 10 ta davlat rahbari tabriklagan edi. 2022 yilda, Rossiya prezidenti 70 yoshga to‘lganda, 14 dunyo yetakchilaridan, jumladan, Xitoy raisi Si Jinping, KXDR davlat kengashi raisi Kim Chen In va Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosadan tabriklar keldi.

2021 yilda, Rossiya Ukrainaga hujum qilishidan oldin, Putinni Isroil, Yaponiya, Turkiya, Ozarboyjon, Armaniston va boshqa bir qator davlatlar rahbarlari telefon orqali tabriklagan. Shuningdek, u Si Jinping va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichdan telegrammalar olgan.

Mavzuga oid