O‘zbekiston | 23:51 / 27.10.2024
8762
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura OAV vakillarini tasdiqlanmagan axborot tarqatishdan ogohlantirdi

Foto: Bosh prokuratura

Idora prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘radi.

Bosh prokuratura so‘nggi kunlarda tergov qilinayotgan jinoyat ishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tasdiqlanmagan va asossiz, shuningdek, ishonchli rasmiy manbalarga tayanilmagan ma’lumotlar keng tarqatilayotgani sabab ogohlantirish bilan chiqdi.

26 oktyabr tunda Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga qurolli hujum uyushtirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bosh prokuratura 27 oktabr kuni suiqasdga aloqador shaxslardan biri ushlanganini ma’lum qildi.

«Holbuki, holat yuzasidan tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari davom etayotgani haqida xabar berilgan. Tafsilotlar haqida qo‘shimcha ravishda xabar beriladi», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Idoraning ta’kidlashicha, qonunchilikda axborot sohasidagi huquq hamda mas’uliyat aniq belgilangan – buni, ayniqsa, faol va katta auditoriyaga ega blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanallar ma’murlari yaxshi his etishlari lozim. 

«Chunki jamiyatda ular tarqatayotgan har qanday axborotni haqiqat sifatida qabul qiladiganlar ko‘p. Media vakillari ham xuddi davlat organlaridan talab etilgani kabi sohaga oid amaldagi qonunchilik me’yorlariga rioya etishlari shart ekanligini unutmasligi kerak.

Shunga ko‘ra, jamoatchilik orasida turli noto‘g‘ri talqin va taxminlar tarqalishining oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalaridan prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga tayanish va havola keltirishni qat’iy so‘rab qolamiz», — deya qayd etiladi xabarda.

Bosh prokuratura aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatib o‘tgan.

Mavzuga oid