Apple salomatlik uchun foydali ilovani sinovdan o‘tkazdi
Ilova diabetga chalinish xavfi bo‘lgan kompaniya xodimlarida sinab ko‘rildi.
So‘nggi yillarda Apple sog‘liqni nazorat qilish bilan bog‘liq yo‘nalishlarni faol ravishda rivojlantirib kelmoqda. Glyukoza darajasini noinvaziv usulda nazorat qilish texnologiyasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi mish-mishlardan so‘ng, kompaniya diabetoldi holatidagi foydalanuvchilar uchun yangi ilovani sinovdan o‘tkazishni boshladi.
Ma’lum qilinishicha, ilovani allaqachon Apple xodimlari sinab ko‘rgan, qon tahlilidan so‘ng ularda ikkinchi turdagi diabet xavfi aniqlangan. Ko‘ngillilar glyukozani o‘lchash uchun turli xil qurilmalar yordamida shakar darajasini qayd etdi, Apple ilovasi esa ularga shakar darajasidagi o‘zgarishlarni o‘z ratsionlari bilan solishtirishga yordam berdi.
G‘oyaga ko‘ra, servis foydalanuvchilarga ovqatlanish odatlarining qondagi glyukoza darajasiga ta’sirini taqdim etishi kerak. Bu esa ovqatlanishdan so‘ng qand miqdorining keskin ko‘tarilishining oldini olishga yordam beradi. Masalan, foydalanuvchilar uglevodga boy taomlar qondagi glyukoza miqdorining ko‘tarilishiga olib kelishini, oqsillar va kletchatkalarni qo‘shish esa bu ta’sirni qanday pasaytirishini aniqlab olishi mumkin. Bunday yondashuv ovqatlanish rejimini o‘z vaqtida to‘g‘rilash va qandli diabet rivojlanishining oldini olish imkoniyatini beradi.
Sinov ishlarining to‘xtatilishi va kutilayotgan istiqbollar
Ijobiy natijalarga qaramasdan, Apple boshqa sog‘liqni saqlash monitoringi funksiyalariga e’tiborini qaratishi uchun loyihani vaqtincha to‘xtatdi. Biroq bu kompaniyaning glyukoza nazoratini integratsiya qilish g‘oyasidan voz kechayotganini anglatmaydi. Ilova Apple yaratayotgan kattaroq tizimning bir qismiga aylanishi mumkin. Bu tizim salomatlikni yaxshilash va kasalliklarning oldini olish maqsadida ovqatlanish va glyukoza kabi salomatlik ko‘rsatkichlarini kuzatib borishni o‘z ichiga oladi.
Hozirgi vaqtda Apple Health’da ovqatlanishni kuzatish funksiyasi yo‘q. Apple’ning sinovlar davomida to‘plagan ma’lumotlari platformani kelgusida rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, kompaniya glyukoza monitoringi ilovalari bilan integratsiyasini faol ravishda kengaytirmoqda. Kelajakda Apple qondagi shakar darajasini kuzatish uchun to‘liq interfeys joriy qilsa, bu ilovaga ko‘proq moslashuvchanlik qo‘shadi va uni diabetoldi holatidagi foydalanuvchilar uchun zarur vositaga aylantiradi.
Shuni ta’kidlash joizki, bu ilova Apple kompaniyasining glyukoza darajasini invaziv bo‘lmagan usulda o‘lchash bo‘yicha keng qamrovli ishlanmasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq emas. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya terini teshmasdan qondagi shakar miqdorini aniqlay oladigan qurilma prototipini ishlab chiqmoqda. Hozircha Apple glyukozani teri orqali aniqlash uchun yorug‘likdan foydalanuvchi texnologiyani yaratish imkoniyatlarini o‘rganmoqda, biroq bunday qurilmani ishlab chiqarish uchun yana bir necha yil talab etiladi.
Mavzuga oid
16:54 / 13.11.2024
Apple iPhone narxidagi kitobini chiqardi
11:28 / 10.11.2024
Dunyo bo‘ylab eng ko‘p sotilayotgan smartfonlar nomi ma’lum qilindi
21:56 / 08.11.2024
iPhoneʼning yangi funksiyasi politsiyachilarning zarariga ishlamoqda - OAV
22:30 / 02.11.2024