Jahon | 16:01 / 28.10.2024
3837
7 daqiqa o‘qiladi

Qibrayda bepul tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul olinayotgani aytilmoqda

Davlat tomonidan qoplanadigan yillik majburiy “medosmotr”ga pedagoglar o‘z hisobidan 140 ming so‘m atrofida to‘lov qilyapti. Poliklinika va SESdagilar esa tibbiy ko‘rik uchun budjetdan pul o‘tkazilmaganini aytmoqda. Maktab, Sog‘liqni saqlash hamda Moliya vazirliklaridan boshqarmalarga yuborilgan xatga ko‘ra, joriy yil ko‘rik xarajatlari uchun 71,4 mlrd so‘m ajratilgani qayd etilgan.

Qachongacha haqqimizni olishadi?”

Toshkent viloyati Qibray tumani 9-maktabda ishlovchi bir guruh o‘qituvchilar majburiy tibbiy ko‘rik uchun pul olinayotganidan norozi bo‘lib Kun.uzʼga murojaat qildi. Pedagoglarga ko‘ra, ular har yili shu muammo bilan yuzlashadi, ammo holat o‘zgarmaydi.

O‘tgan yili ham majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganmiz, lekin o‘shanda ham pul to‘laganmiz. Bu yil ham poliklinikaga bordik, xodimlari qo‘pol ohangda kartochkani to‘ldirib, pul to‘lashimizni aytishdi. Indamay to‘ldirib, analizga borsak, “pul to‘lamasang, qoningdan analiz olmayman”, dedi. Jahlimiz chiqib, bosh shifokoriga kirdik, o‘qituvchilar uchun bepul qilinganini aytdik.

Shifokor bundan xabari borligini, lekin poliklinikaga pul o‘tkazilmaganini aytdi. “RAYONO”dan hal qilinglar, dedi. U yerdagilar ham hal qilyapmiz, o‘tkazamiz deyishdi, shu deganiga ha, 2 oy bo‘lib qoldi, hali masala hal bo‘lmadi. Bu yerdan esa SES xodimlari “medosmotr”dan o‘tishga majburlab, maktabimizga qanchadir jarima yozib ketyapti”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan o‘qituvchi.

Bu yil ko‘rikni boshlagan kunimizning ertasigayoq butun respublika bo‘yicha pedagog xodimlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va buning uchun davlat tomonidan pul o‘tkazilgani bo‘yicha buyruq [ham] chiqarildi. Biz shu hujjatning ijrosini kutdik, o‘qituvchilar bepul ko‘rikdan o‘tish uchun 1 oy yurdik. Lekin SES ham, Qibray tumani ko‘p tarmoqli poliklinikasi ham bizdan pul so‘rashyapti, pul bermasak analiz olmasligini, xulosa yozmasligini aytyapti. O‘qituvchilar uchun ko‘rik bepulligini aytsak, “bizgacha pul yetib kelmagan, borib yuqori tashkilotlarga murojaat qilinglar” deyishyapti.

Keyin 15 nafar o‘qituvchi birlashib Qibray tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga borib uchrashdik, “maktab bizga ro‘yxat qilib bersa, pulni o‘tkazamiz”, deyishdi. Bizning maktab ro‘yxat qilib berdi, lekin mana, 2 oyki natija yo‘q. Bankka borsak, “sizlarga pul o‘tkazilgan, sizlar indamasdan pul to‘laganinglar uchun “tepadagi”lar bilganini qilyapti”, deydi. Biz tushunmayapmiz, bu yerda moliya bo‘limi pulni yeganmi yoki "RAYONO"?” – deydi yana bir pedagog.

Qayd etilishicha, o‘qituvchilar har yili ko‘rik uchun poliklinika va SESga alohida to‘lov qiladi, jami summa 140 ming so‘m atrofida bo‘ladi.

Poliklinikaga to‘lov, adashmasam, 89 ming so‘m, SESniki esa 48 ming so‘m edi. Bir narsa-da, hech bir o‘qituvchi bu pulni berishdan bosh tortayotgani yo‘q, shuncha o‘tkazilgan summani kimdir mazza qilib olib ketadi-da, bu yerda o‘qituvchilar xor bo‘lib qolaveradi. Hozir maktabimizdagi pedagoglarning deyarli 70 foizi SESning jarima yozishidan qo‘rqib, o‘zining hisobidan tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘lgan.

Charchadik shu muammodan, o‘sha 89 ming so‘mni to‘lashdan qochmaymiz, lekin qachongacha? Qibray tumanidagi hamma o‘qituvchilarni hisoblasangiz, qancha summa bo‘lib ketyapti? Qachongacha indamay bizni haqqimizni olishadi?” – deydi maktab xodimi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Moliya bo‘limi izohi

Tahririyat nima sabab bunday vaziyat yuzaga kelayotganini aniqlashtirish uchun Qibray tumani iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Otabek Erbachchayev bilan bog‘landi. U o‘qituvchilar bu to‘lovdan ozod ekanini, tibbiyot birlashmasi hamda SES orqali tibbiy ko‘rikdan o‘tishda muammo yuzaga kelmasligi kerakligini ta’kidladi.

Hozir hayron qolyapman-da, [o‘qituvchilarning] tibbiy ko‘rigi bo‘yicha masalamiz yo‘q edi yoki kimdir tamagirlik qilyaptimi, nimadir qilayotgan bo‘lishi mumkin-da”, – dedi u.

Erbachchayev vaziyatga oydinlik kiritib, qo‘shimcha ma’lumot berishini ma’lum qildi. Ammo keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. Hozircha ko‘rikka to‘lov qilib qo‘ygan o‘qituvchilarning puli qaytarilishi yoki qaytarilmasligi noma’lum.

Tibbiy ko‘rik uchun budjetdan 71,4 mlrd so‘m ajratilgan

2024 yil 26 avgustda Iqtisodiyot va moliya, Sog‘liqni saqlash hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirlarining o‘rinbosarlari imzolagan xatiga ko‘ra, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish xarajatlari uchun joriy yilda davlat budjetidan 71,4 mlrd so‘m ajratilgan.

Barcha quyi bo‘g‘in rahbarlariga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish chog‘ida pedagoglardan haq olmaslikni qat’iy ta’minlash topshirig‘i berilgan.

Qolaversa, hujjatda “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq davlat ta’lim muassasalarida ishlayotgan o‘qituvchilar davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tish huquqiga egaligi qayd etiladi.

Shuningdek, xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiya qilinishi ish beruvchining hisobidan amalga oshirilishi Mehnat kodeksining 292-moddasi bilan ham mustahkamlangan. 

Mavzuga oid