O‘zbekiston | 20:17 / 29.10.2024
31407
11 daqiqa o‘qiladi

“Odamlar qiynalishyapti” – boysunliklar hukumatdan amaliy yordam kutmoqda

Boysunning Shirinobod mahallasida yashovchilar kondan chiqayotgan gazning miqdori bir necha barobar oshganini, joylarda zaharlanishlar yuzaga kelganini aytmoqda. Oldinda qish, mahalliy aholi bu yil mavsumni qanday o‘tkazib olishdan xavotirda. “Endi bu qachon yopilishi noma’lum, hamma narsani to‘g‘ri tushunib turibmiz, hech bo‘lmasa, chirog‘imizni berib tursin”,– deydi Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan boysunlik.

Boysunning “M25” gaz konidagi 2-avariya sodir bo‘lganiga 40 kundan oshdi. U yerda hanuz zaharli gaz chiqishi davom etyapti. Tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan bu modda nafaqat butun Boysun, balki boshqa yondosh tumanlargacha ham tarqab ulgurgan.

Mahalliy aholi mas’ullardan hamon yordam, aniq ma’lumot kutyapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan Shirinobod mahallasi fuqarolari joydagi vaziyat haqida gapirib berdi.

“Gaz hidi kelsa, tashqariga chiqa olmayman, diqqatimni jamlay olmay qoldim oxirgi vaqtda”

Shirinobod Boysun tumanining kichik mahallalaridan biri hisoblanadi. Shu mahallada tug‘ilib, katta bo‘lgan Karomtulloh Eshonqulov kondagi vaziyat sabab uyiga borolmayotganini bildirdi.

Gaz hidi kelsa, tashqariga chiqa olmayman, diqqatimni jamlay olmay qoldim oxirgi vaqtda [hatto]. Men-ku qutulib, Toshkentga o‘qishga kelib oldim, nechadir kundan keyin yana borishim kerak. Har yakshanba, bozor kunlari boraman, lekin bu shanba kuni gaz hididan ko‘nglim xijil bo‘lib, bormadim. Xuddi bir qaynatilgan tuxumning, ba’zida balchiqning hididek keladi. Odamning tomog‘idan uyog‘iga o‘tmaydi, shunday hid keladi, qusgingiz keladi, lekin qusolmaysiz-da, eng qizig‘i.

O‘zim ko‘rgan holat: qo‘shnimning qizi bronxial astma, shu gaz hididan mazasi qochib, tez yordam bilan [shifoxonaga] ketdi, keyin Toshkentga olib kelishdi. Shunday holatlarni ko‘ryapmiz, maktablarda bolalarning mazasi bo‘lmay, hushdan ketish holatlari bo‘lyapti, [ularning] kasalxonaga olib borilgan jarayonlari bor. U yerda gaz hidi kelsa, odam o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, qancha murojaat qilsak ham befoyda.

Sanitariya-epidemiologiyaning “havo talablariga mos, hammasi yaxshi” degan xulosasini yozib beradi, lekin men shulardan shubham bor. Ular xolislik bilan o‘rganmayapti. Nafaqat Boysunga, boshqa tumanlarga ham hidi yetib boryapti. Ular ham murojaat qilib chiqyapti, oldin murojaat yo‘q edi, qo‘rqishayotgandi. Hozir odamlarda qo‘rquv yo‘q, chunki jonidan o‘tib boryapti”, – deydi u.

Davlatning mansabdor shaxslari kelib, haqiqatni aytib ketsin, biz hammasiga rozimiz”

Shirinobodda yashovchi novvoy Qurbonali Xolmurodov ham zaharli gaz istalgan vaqtda kelayotganini, odamlar tanasida me’yordan ortig‘ini his qilayotganini aytmoqda.

Gazning hididan oldingiga qaraganda zaharlanish juda yuqori bo‘lyapti. Bir nogiron qizcham bor, astmasi bor, bo‘lmasa yaqinda Toshkentda davolatib olib kelgan edim. Shu yaqindan boshlab allergiya berib, ko‘zlari qizarib, nafas olishga qiynalib qoldi. Toshkentdan kelganiga 4-5 kun bo‘lgandi.

Mana shu soat 12 dan 2 gacha chiroqni o‘chiryapti, aynan shu vaqtda o‘ta zaharli bosim bilan gaz atmosferaga tarqalyapti. Endi bir qari bor, kasali og‘irlar bor, nafas olishga qiynaladiganlar bor – ular ventilyator yoqib, toza havo topishi kerak bo‘lsa, konditsioner kerak bo‘lsa, nima qilishi kerak? Kasalxonaga borib, ingalyatsiya olaman desangiz ham chiroq yo‘q-ku, Boysun tumanida 12 dan 2 gacha chiroq yo‘q, bu holat 1 sentabrdan beri davom etib keladi. “Yuqorida turganlar” nima sabab bu bilan qiziqmayapti, bizga shu qiziq tuyulyapti.

Mayli, keling, bu hodisani bartaraf qila olmas ekan, boshqa qila olmas ekan, mening qizimga o‘xshash astmasi, allergiyasi, nogironligi borlar [nima qilsin?] Mayli, hammaga bermasin, biz ham to nogiron bo‘lguncha yashayveramiz. Shu nogironlarni ko‘rib, qandaydir kompensatsiya berishadimi, ERIELL bilan O‘zbekneftgaz bo‘yniga olib, moddiy yordam qilib turadimi?

Endi bu qachon yopilishi noma’lum, hamma narsani to‘g‘ri tushunib turibmiz, atmosfera bosimi kuchli ekan, yopa olmas ekan, hech bo‘lmasa, chirog‘imizni berib tursin, bitta oddiy xalqning insoni sifatida men o‘zim 1 sentabrdan hozirgacha tortgan jabrimni ochiq, oddiy gaplar bilan bayon qilib berolmayman, to‘g‘risi. Chunki qizim mana shu Boysun tumanining o‘zida 2 kun kislorod [qurilmasidan nafas olib] yotdi. Bu narsa bilan hech kim qiziqmaydi, buni faqat ota yoki ona, buvisi va bobosi his qiladi, “tepadagilar” his qilolmaydi.

Men 27 centyabrgacha novvoyxonamning eshigini ham ocholganim yo‘q, chunki faqat shu qizim bilan ovora bo‘lib, el-ulusdan qarz olib, Toshkentga borib yotqizib, o‘ziga keltirib keldim, endi mana kelganiga 4-5 kun bo‘lgani yo‘q, yana shu holatda.

Qo‘lida mansabi bor, davlatning mansabdor shaxslari kelib, haqiqatni aytib ketsin, mayli biz hammasiga rozimiz, haqiqatni aytsin. Kimgadir bosim o‘tkazib turib, uning yaxshi gaplarini respublikaga tarqatmasin-da. Shunday 1-1,5 soat ichida intervyu olib ketish, u gazning hidini his qildim, shu holatni ko‘rdim ko‘zim bilan, shu atrofda yashadim deyish bilan ish bitmaydi. 24 soat bola-chaqasi bilan kelib, yashab his qilsin, u o‘zgacha bo‘ladi”,– deydi Xolmurodov.

Qishda nima qilamiz degan savol bo‘lib turibdi”

Karomtulloh Eshonqulovga ko‘ra, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 6 oktyabr kuni “Lolazor”da “Boysunda vaziyat vahima qiladigan darajada emas”ligiga oid chiqishida ma’lumotlari yolg‘on bo‘lgan. Eshonqulovga ko‘ra, asl vaziyat boshqacha.

Lolazor” podkastida [energetika] vaziri “Boysunda yashadim, oqsoqollari bilan gaplashdim” dedi, u oqsoqollar bilan gaplashgani yo‘q, u hokimiyatning duogo‘ylari bilan gaplashgan. Xalq bilan gaplashgani yo‘q, hokimiyatning buyurtmachilari bilan gaplashgan. Bu ochiq-oydin aldash. Gazning oldiga shunday boradi, oyog‘ini bunday bosib yopolmaydi, u yerda mutaxassislar qanday loyihani olib keladi, shunday ko‘rib mehmonxonada joy ajratilgan bo‘lsa, yotadi keladi. Kim bilan suhbat qilgan, boshqa bilanmi yoki?

Har kunlik ma’lumotni berib borsin, “bugun konda ahvol yaxshi, gaz kamroq chiqadi yoki ko‘proq chiqadi” degan talqinda yozib borsin. Energetika vaziri buning iloji yo‘q deyapti, nimaga iloji yo‘q, bitta telegram kanaldan berib borish oson-ku, bir matbuotchiga oyligini berib qo‘ysa, har kunligini yoritadi. Bitta telegram kanaldan hamma biladi. “Buning iloji yo‘q, jismonan ulgurmaymiz” degan gaplarni yolg‘ondan bo‘rttirib nima qiladi? Ochiq-oydin aytsin, dangal aytsin, mashmasha qilib yotmasin. Qo‘lidan kelmayaptimi, eplolmayaptimi, ishdan ketsin. Bizga bunday odam kerakmas.

Ba’zi OAV borib, boshqa narsalarni, yolg‘on ma’lumotlarni yoritib keladi. Qarasangiz, hokimiyatning bir duogo‘ylari bor, o‘sha duogo‘ylaridan borib, reportaj tayyorlab keladi. OAV bo‘lganidan keyin xalqning ichiga kirsin, ko‘chirilganlarning oldiga borsin, maktab yoki kollej yotoqxonasida yotganlarning oldiga borsin, qanday ekan? Ular haqiqatni aytadi, kasalxonalarga borishsin, haqiqatni aytishadi. [Odamlar] qiynalib yotishibdi, lekin ovqati, boshqasi berilyapti. Lekin baribir hech kimning o‘zining uyidek bo‘lmaydi.

Ularning ba’zilari chorvachilik bilan shug‘ullanadi, hozirda ularda qishda nima qilamiz degan savol bo‘lib turibdi. Chunki Boysunning Shirinobod, Bibishirin, Pasurxi, Ko‘shkak, Avlod, Sariosiyo mahallalari gaz bilan ta’minlanmagan, gaz yo‘q, ularning hammasi ko‘mir yoki tappi yoqadi. Kofrun bilan Rabot ham xuddi shunday mahalla. [Ko‘chganlar] yotib turgan joy ham gazlashmagan, ular qishda qanday isitishadi, buning ustiga hozir ko‘pchilik bo‘lib yashashyapti.

Ahvol og‘ir, “Atmosferani muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun bizga kelganda ishlamaydi negadir. Nega shu investorga jinoiy ish ochilmaydi. Barcha mansabdorlarga mana shu savol, Bosh prokuratura jinoiy ish ochishi kerak edi, nimaga ochmayapti? Ko‘chada ozgina xazonni yoqsangiz ham kelib jarima qilishadi, lekin shuncha gaz bizning atmosferamizni buzyapti, ammo hech kim kelib bir og‘iz “biror narsa qilaylik” demadi.

Qaysidir mansabdormi, bosh vazir bo‘ladimi yoki energetika vazirimi, ularni uyimda mehmon qilaman, hammasini “yaxshi” deyishgan, qaysidiri bo‘lsa ham borsin uyimga, yashab ko‘rishsin, tanasida bir his qilib ko‘rsin-chi, qanday ekan? Men bir xonamning derazasini ochaman, xona gaz hidiga to‘lganda qaytib yopaman. O‘sha yerda yashashsin, qani qancha tura olishadi, qancha chidashadi?

Bizning Boysun tumanimizning toza atmosfera havosini qaytarib berishsa bo‘ldi, u gaz konini yo‘qotishsin. U gaz konidan bizga foyda yo‘q”, – deydi u.

Hozircha ko‘pchilikning e’tiboridan chetga chiqib qolgan Boysundagi vaziyat shunday. “Mustaqillikning 25 yilligi” koni atrofidan ko‘chirilganlarning qishni qanday o‘tkazishi noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tuzilgan reja bo‘yicha konni jilovlash uchun kamida yana 2–3 kunlik tayyorgarlik ishlari qolganini, qo‘shimcha uskunalar olib kelingani va ularni o‘rnatish jarayoni ketayotganini aytgandi. Agar bu ssenariy ish bermasa, bu yana 2–3 oy vaqt olishini bildirgandi.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchilar: Abduqodir To‘lqinov,
Shohruz Abdurayimov.

Mavzuga oid