Jahon | 09:40 / 30.10.2024
3734
2 daqiqa o‘qiladi

RFda aktyor Artur Smolyaninov sirtdan hibsga olindi

Rossiyani tark etgan Smolyaninov Rossiya Qurolli kuchlariga nisbatan nafrat qo‘zg‘atish va «feyklar»da ayblanmoqda, deya xabar beradi Moskva sudi. Hibsga olish muddati 2 oy.

Artur Smolyaninov Foto: Yekaterina Chesnokova/RIA Novosti

Moskvaning Basmanniy rayon sudi aktyor Artur Smolyaninovni sirtdan hibsga oldi. Sud tergovning 2 oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash haqidagi iltimosini qanoatlantirdi, deb xabar qildi 29 oktyabr, seshanba kuni Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati.

Smolyaninov ikkita moddada ayblanmoqda

Rossiya Federatsiyasidan tashqarida bo‘lgan aktyor nafrat qo‘zg‘atish va inson qadr-qimmatini kamsitish moddalari bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda, shuningdek, Rossiya armiyasi haqida «feyklar» tarqatishda ayblanmoqda, deya xabar beradi matbuot xizmati.

Hibsga olish muddati «Smolyaninov Rossiya Federatsiyasi hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab yoki Rossiya Federatsiyasi hududida hibsga olingan paytdan boshlab» hisoblanadi.

2023 yil yanvar oyida Artur Smolyaninov Rossiya Federatsiyasida «chet el agenti» deb e’lon qilindi va keyinchalik u Rosfinmonitoringning «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritilgan. 2023 yilda «Novaya gazeta Yevropa»ga bergan intervyusida Smolyaninov Ukraina Qurolli kuchlari tomonida jang qilishga tayyorligini aytdi. Shundan so‘ng RF Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini talab qildi.

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Artur Smolyaninov urushga qarshi bayonotlar bilan chiqdi, buning uchun u davlat tomonidan moliyalashtirilgan bir nechta loyihalarda ishtirok etishdan mahrum bo‘ldi. 2022 yil oktyabr oyida aktyor RF Qurolli kuchlarini «obro‘sizlantirish» haqidagi ma’muriy modda bo‘yicha jarimaga tortildi. O‘sha yilning kuzida u Rossiyani tark etdi.

Mavzuga oid