Jahon | 15:20 / 30.10.2024
6446
3 daqiqa o‘qiladi

UQK generali Marchenko: Donbassdagi front «parchalandi»

Donetsk oblastida frontdagi vaziyat o‘q-dorilar, qurol-yarog‘ va odamlar yetishmasligi, shuningdek, «boshqaruvning nomutanosibligi» tufayli murakkablashdi, dedi ukrainalik general Dmitriy Marchenko.

Foto: GENYA SAVILOV / AFP

Ukraina qurolli kuchlari Selidovo shahrini deyarli egallab olgan rus qo‘shinlari oldinga siljishi fonida Donetsk oblastida o‘z pozitsiyalarini yo‘qotishda davom etmoqda. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari general-mayori Dmitriy Marchenko Oliy radaning sobiq deputati Borislav Bereza bilan video intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlarini 29 oktyabr, seshanba kuni Ukraina OAV keltirdi.

«Barchamiz bilamiz, agar frontimiz parchalanib ketyapti, desam, harbiy sirni oshkor etmagan bo‘laman. Afsuski, rossiyaliklar allaqachon Selidovoga kirib borgan. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda ular uni o‘rab olishadi va bu ularga Pokrovskka taktik kirish imkonini beradi», — dedi UQKni Rivojlantirish va moddiy qo‘llab-quvvatlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlaydigan Marchenko.

U frontdagi bu holatning uchta sababini aytib o‘tdi: «Birinchidan, o‘q-dorilar, qurol-yarog‘lar yetishmaydi. Ikkinchidan, odamlar yo‘q, qo‘shimcha kuchlar yo‘q. Odamlar juda charchagan, ular frontda pozitsiyalarini ushlab tura olishmayapti. Uchinchidan, bu boshqaruvdagi nomutanosiblik». «Hozir bo‘layotgan narsa bo‘yicha men aytmoqchimanki, bunday bo‘lmasligi kerak», — deya xulosa qildi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshidan 2022 yil 6 aprelgacha Mikolayiv shahri mudofaasiga muvaffaqiyatli rahbarlik qilgan general-mayor.

Rossiya armiyasi Donetsk oblastidagi Gornyak shahrini egalladi

Rossiya qo‘shinlari Donetsk oblasti Pokrovskiy rayonidagi Gornyak shahrini nazoratga oldi. Bu haqda Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi 28 oktyabr kuni o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Ommaga ochiq fotosuratlar va videolardan foydalangan holda frontdagi vaziyatni kuzatuvchi loyiha xaritasiga ko‘ra, ruslar Selidovo, Bogoyavlenka, Novoukrainka aholi punktlarida, shuningdek, Shaxterskoye va Novoalekseyevka yaqinida ham oldinga siljishgan.

Bir kecha oldin DeepState rossiyalik harbiylar Selidovoda shahar kengashi binosini egallab olgani haqida xabar bergan edi. Rasmiylar shaharda sodir bo‘layotgan voqealar haqida hech qanday izoh bermagan.

Mavzuga oid