Jamiyat | 18:30 / 01.11.2024
11828
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda Lacetti kanalga tushib ketishi oqibatida uch yigit halok bo‘ldi

Beruniy tumanida Lacetti boshqarib ketayotgan haydovchi mastlik ortidan hamda yo‘ldagi notekislik sabab boshqaruvni yo‘qotgan. Buning oqibatida mashina kanalga tushib ketgan. Ikki yo‘lovchi voqea joyida, yana biri esa shifoxonada vafot etgan.

Foto: Renessans TV

Beruniy tumanida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda «Ovoza» axborot dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, YTH 29 oktyabr kuni soat 2:20 atrofida sodir bo‘lgan. Haydovchi mast holatda Lacetti mashinasini boshqarib borayotib, yo‘l chetidagi kanalga tushib ketgan.

YTH oqibatida mashinaning orqa qismida o‘tirgan ikki yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan. Halok bo‘lgan yigitlarning ikki nafari 22, bir nafari 21 yoshda bo‘lgan.

Tirik qolgan haydovchi va yana ikki yo‘lovchiga bosh miya, ko‘krak qafasi qisilishi, suvda cho‘kish kabi tashxislar qo‘yilgan.

Xabarda aytilishicha, YTH besh metr kenglikdagi ichki tuproq yo‘lda sodir bo‘lgan. Ushbu yo‘l yoritish qurilmalari bilan jihozlanmagan va yo‘l belgilari o‘rnatilmagan.

Hozirda holat yuzasidan Beruniy tuman IIB tergov bo‘linmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oldinroq Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda haydovchi vafot etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid