Jamiyat | 08:10 / 03.11.2024
28104
2 daqiqa o‘qiladi

Tog‘ bag‘ridagi qishloq – Yordonda nahor oshi

Farg‘ona tumaniga qarashli, atrofini Qirg‘izistonning Botken viloyati qamrab olgan Yordon qishlog‘i aholisi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Bu qishloqning tabiati beqiyos: purviqor tog‘lar va shaldirab oqayotgan soylar maskanga o‘zgacha maftunkorlik baxsh etadi. Lekin Yordon faqat tabiat go‘zalligi bilan emas, mehnatkash aholisi bilan ham e’tiborli. 

Yordon va Shohimardon qishloqlarida jami 7 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Har bir xonadonning tog‘ bag‘rida meva bog‘i bor, qo‘ralarda esa echki, qo‘y va qoramol boqiladi. Qishloq aholisi ish kunini erta tongda boshlaydi: kimdir chorvasini tog‘ etagiga haydaydi, kimdir esa bog‘dagi ishlarini bitirishga shoshiladi.

Oilaviy tadbirlar va to‘ylarida milliy an’analar saqlanib qolgan. Qishloq ahli erta tongdan baland ovozda oshga chaqiriladi. Nahorgi osh vaqtida to‘yboshining sinfdoshlaridan biri va mahalladan bir vakil o‘zaro kurash tushadi. Kurashda kim g‘olib bo‘lsa unga echki sovg‘a qilinadi. 

Yordon qishlog‘i oddiy, lekin baxtli hayot tarzi bilan o‘ziga xos. Tabiat qo‘ynida mehnatkash va samimiy insonlar yashaydigan bu hudud ko‘plab tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb etishi aniq.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov
Kun.uz

Mavzuga oid