Jahon | 10:10 / 04.11.2024
4947
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Yevropa Tramp davrida AQSh bilan «munosabatlarni uzish»ga tayyorlanmoqda

Yevropa rasmiylari Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Qo‘shma Shtatlar bilan ehtimoliy «transatlantik munosabatlarni uzib qo‘yish»ga tayyorlanmoqda, deb yozadi The Washington Post. Savdo va xavfsizlik sohalarida chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Foto: Jabin Botsford/The Washington Post

Yevropa rasmiylari, agar Donald Tramp prezidentlik saylovlarida ikkinchi marta g‘alaba qozonsa, Qo‘shma Shtatlar bilan ehtimoliy «transatlantik munosabatlarni uzish»ga tayyorlanmoqda. Bu haqda 2 noyabr, shanba kuni The Washington Post nashri yozdi.

Nashr Yevropaning besh davlatidan 15 nafar siyosatchi, diplomat va tahlilchi bilan suhbatlashdi. Ular «xavfsizlik bo‘yicha kelishuvlarni Trampdan himoya qilish» rejalarini ishlab chiqish, jumladan, Ukrainadagi urush haqida gapirishgan. Xususan, deb yozadi WP, Yevropa rasmiylari Amerika saylovlari oldidan Kiyevga AQSh harbiy yordamining yangi paketlarini ajratish uchun lobbichilik qilishga urinmoqda. Bundan tashqari, NATO yangi rahbariyati Pentagonning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirish bo‘yicha ba’zi vazifalarini o‘z zimmasiga oldi.

Savdo sohasida Tramp Yevropadan importga, xususan, avtomobillar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga (bu haqda respublikachi 29 oktyabr kuni Pensilvaniyadagi mitingda gapirgan) bojlarni oshirishi mumkin. Yevropa rasmiylari, The Washington Post gazetasiga ko‘ra, Amerika tovarlariga bojlarni javob tariqasida oshirish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda. Bryusselning Vashington bilan potensial muzokaralari boshqa variantlari orasida Xitoy savdo amaliyotlariga qarshi hamkorlikni taklif qilish yoki Qo‘shma Shtatlardan importni oshirish kiradi.

Tramp YeIni savdo munosabatlarida «mini-Xitoy» deb atadi

AQSh sobiq prezidenti va Respublikachilar partiyasidan ushbu lavozimga nomzod Donald Tramp AQShning blok bilan savdo aloqalari haqida gapirar ekan, Yevropa Ittifoqini «mini-Xitoy» deb atadi. Trampning so‘zlarini 24 oktyabr kuni AFP agentligi keltirgan.

«Ular bizning mashinalarimizni olishmaydi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizni olishmaydi, ular hech narsani olishmaydi. Sizda Yevropa Ittifoqi bilan 312 milliard dollarlik kamomad bor. Bilasizmi, Yevropa Ittifoqi mini-Xitoy, hatto u mini ham emas», dedi Tramp. Yevropa Ittifoqi statistika agentligi Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili AQShning Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlashda kamomadi 157,9 milliard yevroni tashkil etgan, bu 170,54 milliard dollarga teng, deb yozadi AFP.

Mavzuga oid