Jahon | 12:39
21543
4 daqiqa o‘qiladi

«Xudo jonimni bejiz asramagan!» - Tramp o‘zini yangi prezident deb e’lon qildi

U respublikachilar AQSh Senatida ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritganini qo‘shimcha qilgan.

Donald Tramp AQShdagi prezident saylovlarida g‘olib bo‘lganini e’lon qildi. U bu haqda Floridadagi qarorgohida tarafdorlari qarshisidagi nutqida gapirdi.

Tramp «siyosiy g‘alabaga erishgani»ni aytib, o‘zini AQShning 47-prezidenti deb atagan. U saylovlarda «ajoyib g‘alaba»ga qo‘lga kiritganini ta’kidlagan.

Barchangizga katta rahmat aytmoqchiman. Bu siyosiy g‘alaba. Men AQShning 47-prezidenti etib saylanishga musharraf bo‘lganim uchun Amerika xalqiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men saylovchi delegatlarning 315 ovozini qo‘lga kiritdim. Biz xalq saylovida g‘olib chiqdik. Bu amerikaliklarning Amerikani yanada buyuk qilishga imkon beruvchi ajoyib g‘alabasi bo‘ldi. Bu Amerika uchun oltin asr bo‘ladi. Har kuni siz uchun kurashaman. Kuchli, xavfsiz va farovon Amerikani qurmagunimizcha tinchimayman, bolalarimiz va sizlar bunga munosibsiz.

Yonimda aqlbovar qilmas odamlar turibdi. Biz sizni baxtiyor qilamiz, shunday qilamizki, ovoz berganingiz uchun faxrlanasiz. Amerika bizga misli ko‘rilmagan va qudratli mandat taqdim etdi. Respublikachilar partiyasi senat ustidan nazoratni qaytardi, aftidan, biz Vakillar palatasi ustidan ham nazoratni saqlab qolmoqdamiz. Men ajoyib rafiqam Melaniyaga minnatdorchilik bildirmoqchiman, u ulkan ish bajardi. Hayratlanarli farzandlarimga ham minnatdorchilik bildiraman.

Yangi yulduz tug‘ildi — Ilon Mask! Biz kechqurun ko‘rishdik. U ajoyib yigit. U Filadelfiyada va Pensilvaniyaning turli chekkalarida ikki hafta yurib, saylovoldi kampaniyasida qatnashdi. Menga juda yoqasan, Ilon! Amerika superdaholarini himoya qilishi kerak, ular ko‘pchilik emas.

Respublikachilar — sog‘lom fikrlilar partiyasi. Birinchi prezidentlik muddatimning to‘rt yilida urushlar bo‘lmagandi, biz IShID ustidan g‘alaba qozongan urushdan tashqari. Ular aytishadi: «U urush boshlaydi». Men urush boshlamoqchi emasman, men urushni to‘xtatmoqchiman.

Men AQShni har qachongidan yaxshiroq qilaman. Xudo jonimni bejiz asragani yo‘q! Mamlakatni qutqarishim va Amerikaga buyukligini qaytarishim uchun. Va biz bu missiyani bajarishga chog‘landik. So‘nggi to‘rt yillikdagi kelishmovchiliklarni o‘tmishda qoldirish va birlashish vaqti keldi. Muvaffaqiyat bizni birlashtiradi. Sizni xudo asrasin, Amerikani xudo asrasin.

Prognozlarga ko‘ra ham Donald Tramp prezident saylovlarida ustun kelmoqda. Respublikachilarni qo‘llovchi Fox News telekanali Tramp allaqachon 277 ovoz qo‘lga kiritib bo‘lganini e’lon qilgan, g‘oliblik uchun esa 270 ovoz ham yetarli. Associated Press va The New York Times hozircha u — 267, CNN va NBC News — 266 ovoz olganini xabar qilgan.

Demokratlar nomzodi Kamala Harris, Fox News prognoziga ko‘ra, 226 ovoz olgan. AP va NYT unga 214 ovoz, CNN — 188, NBC News — 194 bermoqda.

Mavzuga oid