Zelenskiy Tramp bilan «ajoyib» suhbat haqida gapirib berdi
Ukraina prezidenti telefon orqali muloqotda Donald Trampni AQSh prezidentligi saylovidagi «tarixiy va ishonchli g‘alabasi» bilan tabriklaganini aytdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy birinchilardan bo‘lib Donald Trampni AQSh prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi, deya xabar beradi dpa va Reuters agentliklari. Zelenskiyning o‘zi 7 noyabrga o‘tar kechasi Telegram-kanalida «prezident Tramp bilan ajoyib telefon suhbati o‘tkazganini va uni tarixiy va ishonchli g‘alabasi bilan tabriklaganini» yozdi.
«Biz yaqin muloqotni davom ettirish va hamkorligimizni rivojlantirishga kelishib oldik. Kuchli va qat’iyatli AQSh rahbariyati tinchlik va adolatli dunyo uchun muhim», — deyiladi postda.
«Rossiya hujumidan himoyalanishda Ukraina AQShning yordamiga bog‘liq, - deb ta’kidlaydi dpa agentligi. - Kiyevda Tramp harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligidan va respublikachi buni Kreml egasi Vladimir Putinga katta imtiyozlar bilan qilmoqchi ekanidan qo‘rqish bor».
Germaniyaning ARD ijtimoiy-huquqiy telekanalining Tagesschau axborot dasturi Kiyevdagi muxbiri Rebekka Bart Zelenskiyning bayonotlarini «AQSh saylovlarida g‘olib bo‘lgan Donald Trampning iltifotini qozonish harakati» deb atadi. Shu bilan birga, Kiyevdagi ko‘plab siyosatchilar Tramp ikkinchi prezidentlik muddatiga saylanganidan keyin Ukraina va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarda «yangi dinamika» bo‘lishiga umid qilmoqda, deya ta’kidlaydi Bart.
AQShning Ukrainaga yordami
O‘z navbatida, Amerikaning CNN telekanali AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kiyevga qurol-yarog‘ va Ukraina budjetini qo‘llab-quvvatlash ko‘rinishida o‘nlab milliard dollar yordam ko‘rsatganini eslatadi. «(Bayden) ma’muriyati Tramp prezidentlikka kelguniga qadar Kiyevni imkon qadar qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda», — deya ta’kidlaydi amerikalik jurnalistlar.
Saylov kampaniyasi davomida Donald Tramp va AQSh vitse-prezidenti lavozimiga nomzod Jyeyms Devid Vens Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga Yevropa davlatlariga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq mablag‘ sarflayotganini bir necha bor tanqid qildi. Kuzatuvchilar Tramp prezidentlikka kelganidan keyin Ukrainaga yordamni keskin kamaytirishi mumkinligidan xavotirda.
Tramp Zelenskiy va Ukrainadagi urush haqida
17 oktyabr kuni mashhur yutuber Patrik Bet-Devidga bergan intervyusida Donald Tramp Zelenskiy «urush boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi» dedi.
O‘sha paytdagi respublikachilardan prezidentlikka nomzod Ukraina rahbarini o‘zi ko‘rgan «eng buyuk sotuvchilardan biri» deb atagan va Ukraina AQShdan shunchalik ko‘p yordam olganiga hayron bo‘lgan.
«Tarixda yana kim buncha pul olgan? – deya ritorik savol berdi u. — Bu hech qachon bo‘lmagan. Va bu men unga yordam berishni xohlamayman degani emas, chunki men bu odamlar (ukrainaliklar)ga hamdardman. Ammo u bu urush boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi. Bu urush mag‘lubiyatdir».
Mavzuga oid
21:20
Tramp tarafdorlari AQShdan noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilishga tayyorlanmoqda – OAV
20:11
Mask bor kuchi bilan respublikachilarni targ‘ib qildi. Tramp uni qanday taqdirlaydi?
19:32
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
18:42