Jahon | 17:40 / 08.11.2024
933
2 daqiqa o‘qiladi

“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN

Yer yuzasidagi har 3 daraxtdan biri yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan. Qizil ro‘yxatdagi 5000 dan ortiq daraxt turi qurilishda, 2000 dan ortiq turi esa dori-darmon, oziq-ovqat va yoqilg‘i uchun ishlatilishi ma’lum qilingan.

Foto: AFP

Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) yangilagan Qizil ro‘yxatda dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida ekani ma’lum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, IUCN baholagan 47 282 turdan kamida 16 425 tasi yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan. Xaritadagi barcha davlatlar o‘rganilgan va 192 mamlakatda yo‘qolish xavfi ostidagi daraxtlar aniqlangan. Baholashda 1000 dan ortiq daraxshunos mutaxassis qatnashgan. Xavf ostida qolgan daraxtlar soni barcha xavf ostidagi qushlar, sutemizuvchilar, sudraluvchilar va amfibiyalar sonidan ikki barobar ko‘p. “Global baholash natijalari har uchinchi daraxt turidan ko‘prog‘i yo‘qolib ketish xavfi ostida ekanini ko‘rsatadi. Daraxtlar ekotizimlardagi o‘rni tufayli Yerdagi hayotni qo‘llab-quvvatlash uchun juda muhim hisoblanadi, millionlab insonlarning hayoti, yashashi daraxtlarga bog‘liq”, – degan IUCN Bosh direktori doktor Gretel Agilar.

O‘rganishlarga ko‘ra, xavf ostidagi daraxtlarning eng katta qismi orollarda o‘sadi. Bunga sabab qilib shaharsozlik va qishloq xo‘jaligi uchun o‘rmonlarning kesilishi, shuningdek, zararkunandalar va kasalliklar ko‘rsatilgan.

IUCN Qizil ro‘yxatdagi daraxtlarning kamayishi minglab o‘simliklar, zamburug‘lar va hayvonlar uchun katta xavf ekanini ko‘rsatgan. Daraxtlar uglerod, suv va ozuqa moddalarining aylanishi, tuproq tarkibi va iqlimni tartibga solgani uchun ham Yerdagi hayotni muvozanatda saqlab turadi. Ammo daraxtlar populyatsiyasiga bevosita inson omili ham ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, IUCN Qizil ro‘yxatiga kiritilgan 5000 dan ortiq daraxt turi qurilishda yog‘och uchun, 2000 dan ortiq turi esa dori-darmonlar, oziq-ovqat va yoqilg‘i uchun ishlatilayotgani ma’lum qilingan.

Mavzuga oid